Shavkat Mirziyoyev 17-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qildi.
Olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan oʻrganishlar natijasida Oʻzbekistonda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solingani isbotlangan. Bu yil uyushmalar harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.
Shu sana munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev xalqqa hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qildi. Viloyat hokimlariga kasaba uyushmalari bilan maslahatlashib, bogʻlar uchun joy ajratish topshirildi.
“Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, oʻylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha boʻladi”, dedi prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbari hokimlarni har yili oʻz hududida uyushmalar bilan yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish boʻyicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi oʻz salomatligini tiklagan, oromgohlarda esa 800 ming bola dam olgan.








