Ish joylaridagi baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimi yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning 17-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faol va faxriylari bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.
Soʻnggi besh yilda kasaba uyushmalari tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida, bunday holatlar ancha koʻpligi, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari koʻrib chiqilgani qayd etildi.
“Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli taʼminlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti”, dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qoʻshma yigʻilishini doimiy ravishda oʻtkazib boradigan tizimni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi.
Bundan tashqari, ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini oʻrganish 30 yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qogʻozda yuritilmoqda.
Masʼul vazirlarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.








