O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj va Umra markazi xabar berishicha, Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumi uchun yangi tartibni joriy etdi.
Unga ko‘ra, 2026-yilgi Haj safariga boruvchi har bir ziyoratchiga “Nusuk” platformasi orqali olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risidagi guvohnoma taqdim etilgan taqdirda haj vizasi rasmiylashtiriladi. Mazkur tartib haj ziyoratchilarining xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlashga qaratilgan.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli idoralarga ziyoratchilarni sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda haj safariga borishga jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni aniqlash majburiyatini yukladi.
Haj – 2026 mavsumida quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilarga haj safarini amalga oshirishga ruxsat berilmaydi:
- dializ talab qiluvchi buyrak yetishmovchiligi;
- minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
- doimiy yoki davriy tarzda kisloroddan foydalanishni talab etuvchi surunkali o‘pka kasalliklari;
- jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi og‘ir jigar sirrozi;
- og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
- keksalik demensiyasi;
- homiladorlikning so‘nggi uch oyligi hamda yuqori xavfga ega homiladorlik holatlari;
- faol yuqumli kasalliklar (jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va boshqalar);
- kimyoterapiya yoki immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar.
Shuningdek, Haj vazirligi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan yoki soxta ma’lumot taqdim etgan holatlar aniqlansa, belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–avgust oylarida 165,7 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda Saudiya Arabistoniga safar qilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,8 ming nafarga yoki 48,1 foizga oshgan. Hisobot davrida Saudiya Arabistoniga borgan fuqarolarning asosiy safar maqsadlari quyidagicha taqsimlangan:
- sayohat – 141,6 ming kishi;
- qarindoshlarni yo‘qlash – 23,5 ming kishi;
- davolanish – 548 kishi;
- xizmat yuzasidan – 62 kishi;
- o‘qish – 18 kishi.
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi mamlakatning har qanday vizasiga ega bo‘lganlarga umra ziyoratini ado etish imkoni berilganini ma’lum qildi.
Joriy yildagi haj mavsumi davomida O‘zbekistondan 15 mingdan ziyod hojilar haj amallarini tartibli va namunali ado etishlari ta’minlandi. O‘zbekistonlik hojilarning Saudiya Arabistoniga kelishi 13-maydan boshlanib, 30-mayga qadar davom etdi. Hojilarning O‘zbekistonga qaytib ketishi 12-iyundan boshlanib, so‘nggi sana 29-iyun kuni havo qatnovlari orqali vatanga qaytdi.








