Rossiyaning kamida 57 ta mintaqasida yonilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuzatildi. Bu ukrainaliklar tomonidan mamlakatning neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan dron zarbalari bilan bog‘liq, deb yozmoqda BBC.
Muammolar asosan xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalarida kuzatilgan. Tahlil mualliflari avgust oyidan beri qayd etilgan barcha holatlarni inobatga olishgan — hatto hozirda vaziyat barqarorlashgan hududlarni ham.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina zarbalari Rossiyadagi har uchinchi neftni qayta ishlash zavodini ishdan chiqargan. Avgust oyida kamida 14 ta, sentyabrda 8 ta, oktyabrning dastlabki o‘n kunida esa yana 4 ta holat qayd etilgan. Reuters, Bloomberg va S&P Global Commodity Insights tahliliga ko‘ra, avgust–sentyabr oylarida kamida 10 ta zavod (shu jumladan eksport uchun ishlovchi korxonalar ham) to‘liq yoki qisman to‘xtab qolgan.
BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yil boshidan beri Ukraina dronlari Rossiyada mavjud 38 ta yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan 21 tasini nishonga olgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb 50 foizga ko‘pdir.
Natijada avgust oyiga kelib, rus neftni qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 23 foizga kamaygan, bu esa tarixiy rekord hisoblanadi. Bloomberg agentligining ma’lum qilishicha, oktyabr oyida neftni qayta ishlash hajmi kunlik 4,86 million barrelgacha tushib ketgan. Bu iyul oyiga nisbatan 10 foizga kam bo‘lib, so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkichdir.
Rossiya hukumati mazkur inqirozni yumshatish uchun benzin va dizel eksportini vaqtincha taqiqlab, Belarusdan qo‘shimcha yonilg‘i sotib olishni boshladi. “Kommersant” ma’lumotiga ko‘ra, endilikda Xitoy, Singapur hamda Janubiy Koreyadan ham import yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.“Agar zarbalar davom etsa, hukumat yonilg‘i iste’moliga cheklovlar joriy etishi yoki ekologik talablarni yumshatishi mumkin. Ammo hozircha zavodlar ikki-uch haftada tiklanmoqda”, deydi eksperti Sergey Vakulenko.








