Daryo

Afg‘onistonda Hindiston elchixonasi qayta ochiladi

Kobuldagi hind elchixonasi 2021-yilda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach yopilgan edi. Hozirda Dehlida ikki davlat o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

1 daqiqa o‘qish1 908 ko‘rishlar0 izoh0

Hindiston “Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘oniston poytaxtida o‘z elchixonasini qayta ochishini e’lon qildi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Bu qadam Hindiston va “Tolibon” hukumati aloqalari tez rivojlanayotganidan darak bermoqda. “Tolibon”ning amaldagi tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy hozirda rasmiy tashrif bilan Hindistonda bo‘lib turibdi. Bu tarixiy tashrif davomida u 10-oktyabr kuni hind tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Jayshankarning aytishicha, Hindiston elchixonasi 2021-yil avgust oyida — “Tolibon” Kobulni egallaganidan so‘ng yopilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, 2022-yil iyun oyida Kobulda texnik vakolatxona ochilgan.

“Biz Afg‘onistonning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Hamkorligimiz Afg‘onistonning rivojlanishi, mintaqaviy barqarorlik va murosaga xizmat qiladi”, degan Jayshankar Dehlida o‘tgan uchrashuvda.

Muttaqiy BMT tomonidan sanksiyalar ostida bo‘lgan “Tolibon” yetakchilaridan biri bo‘lib, unga safar taqiqi va moliyaviy cheklovlar qo‘yilgan. Uning Hindistonga tashrifi BMT Xavfsizlik kengashi maxsus ruxsati bilan amalga oshirilmoqda. Tashrif avvaliga avgust oyiga rejalashtirilgan edi, biroq ruxsat olish jarayoni biroz kechikkan.

BMT Amirxon Muttaqiyga ilk bor 2001-yilda sanksiya qo‘llangandi. Bu taqiq “Tolibon”ning 1990-yillardagi boshqaruvi davrida sodir etilgan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq. Hozircha BMT Bosh Assambleyasi “Tolibon” hukumatini rasmiy tan olmagan. Shunga qaramay, Xitoy, Rossiya, Pokiston, BAA, Indoneziya va Yaponiya kabi bir qator davlatlar Kobuldagi elchixonalarini qayta ishga tushirgan yoki elchilar tayinlagan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar