Hindiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randir Jaysval Pokistonning “Tolibon”ga nisbatan yuritayotgan siyosatini tanqid qilib, mamlakat harakatlarini nomaqbul deb baholadi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.
Randir o‘zining bu fikrlarni 30-oktyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirgan. Uning aytishicha, Pokiston Afg‘onistonda “Tolibon”ning mustaqil boshqaruvidan norozi bo‘lib, chegaradan o‘tib terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga o‘zini haqli deb bilmoqda.
Hindiston rasmiysi Dehli Afg‘onistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqda. U, shuningdek, Kunar daryosida to‘g‘on qurilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban, Hindiston “Tolibon” bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Randir Jaysvalga ko‘ra, yaqinda Hindistonga tashrif buyurgan “Tolibon” tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy bilan suv resurslarini boshqarish, jumladan, gidroelektr loyihalari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
“Ikki davlat o‘rtasida suv masalalari bo‘yicha hamkorlik uzoq tarixga ega. Salma to‘g‘oni — bugungi kunda ‘Hind—Afg‘on do‘stlik to‘g‘oni’ deb ataladigan loyiha — bunga yaqqol misoldir”, degan Jaysval.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda Hindiston “Tolibon”ni ochiq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bunga javoban, Islomobod hukumati vakillari ushbu mojaroda Hindistonni ayblab, Dehlini tinchlik muzokaralarini buzganlikda ayblamoqda. Pokiston mudofaa vaziri Hindistonning bu jarayonga aralashgani haqida qo‘lida hujjatlar borligini ochiqlagan.








