AQSH prezidenti Donald Tramp NATO tarkibidan Ispaniyani chiqarib yuborishni taklif qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tramp o‘z taklifini Ispaniya mudofaa xarajatlarini 5 foizgacha oshirishni istamasligi bilan izohladi. U Finlyandiya rahbari Aleksandr Stab bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday taklif berdi.
“Bizda bitta qoloq bor edi. Bu Ispaniya. Balki, ularni NATOdan chiqarib yuborish kerakdir”, dedi Tramp.
Tramp ikkinchi marta hokimiyatga kelganidan so‘ng NATO davlatlarining mudofaa xarajatlarini 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishga rozi bo‘lishiga erishdi. Shundan 3,5 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mudofaa ehtiyojlariga, yana 1,5 foizi kiberxavfsizlik va infratuzilmani rivojlantirish kabi yondosh xarajatlarga yo‘naltiriladi.
Dastlab NATO mamlakatlari xarajatlari bo‘yicha majburiy reja yalpi ichki mahsulotning 2 foizi edi. Avvalroq Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishidan oldin ham NATOni tanqid qilgan. 2018-yilda Tramp hatto AQSHni alyansdan chiqarish bilan tahdid qilgan. U Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlari bo‘yicha kelishilgan kvotani bajarmaganidan norozi bo‘lgan.
Ispaniya NATO (Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti)ga 1982-yilda qo‘shilgan. 32 ta a’zodan iborat mudofaa ittifoqi 2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Ispaniya Isroilga qarshi keskin qarorlari bilan ham mashhur. Mamlakat Mudofaa vazirligi Isroilning Elbit Systems kompaniyasi bilan tuzilgan 700 million yevrolik PULS artilleriya tizimini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qilgan. Bu qaror G‘azodagi urush fonida Madrid va Tel-Aviv o‘rtasidagi munosabatlardagi ziddiyatni yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, bu Ispaniyaning 285 million yevrolik Spike LR 2 tankka qarshi raketalarni yetkazib berish bo‘yicha Isroil kompaniyasi bilan bitimni to‘xtatganidan keyin qabul qilindi. Bundan tashqari Isroilning Yevropadagi eng keskin tanqidchilaridan biri Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hisoblanadi. U G‘azodagi “vahshiyliklar va genotsid”ni qattiq qoralab, mamlakatni xalqaro sport musobaqalaridan chetlashtirishga chaqirgan.








