Madridning “Real” klubi va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Endrik qishki transfer oynasi vaqtida boshqa jamoaga o‘tishi mumkin. “Sport.es” nashrining xabar berishicha, futbolchi Angliyaning “Vest Hem” yoki Ispaniyaning “Real Sosyedad” jamoalaridan biri bilan shartnoma imzolashi ehtimoli mavjud.
Manbaga ko‘ra, futbolchi ushbu jamoalar safiga ijara asosida o‘tishi kutilmoqda. Braziliyalik hujumchi yozgi transfer oynasida ham klubini o‘zgartirish imkoniga ega edi, ammo Endrik jarohatidan to‘liq tiklanish uchun “Real”da qolishni afzal ko‘rgan.
“Vest Hem”ning Angliya Premyer Ligasidagi natijalari yaxshi emas. “Taqachilar” 7-turdan keyin 4 ochko bilan 19-o‘rinda bormoqda. Klub mavsum boshidan beri atigi 6 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Mazkur holat ortidan klub rahbariyati hujum chizig‘ida jiddiy o‘zgarishlar qilishni maqsad qilmoqda.
Shuningdek, La Liganing boshqa jamoasi — “Valensiya” ham futbolchining atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Manbaga ko‘ra, Endrikning kelajagi yaqin haftalar ichida hal bo‘ladi, chunki klub rahbariyati hujumchining rivojlanishi uchun uni boshqa jamoaga ijara asosida berish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Endrik “Real” safida birorta ham o‘yinda maydonga tushmagan. Uning klub bilan shartnomasi 2030-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 35 million yevroga baholagan.








