2026-yil yakunigacha Toshkent shahriga 1200 ta elektrobus va turli sigʻimdagi avtobuslar olib kelinadi. Bu haqda Transport vazirligi senator soʻroviga javoban maʼlumotlar taqdim etdi.
Joriy yil oktyabr oyida “Toshshahartransxizmat” AJga 200 ta yangi 12 metrli elektrobuslar keltirilishi rejalashtirilgan. Natijada poytaxtda qoʻshimcha toʻrtta yangi avtobus yoʻnalishini tashkil etiladi.
2026-yilda Toshkent shahri uchun qoʻshimcha mingta yangi avtobus sotib olinishi koʻzda tutilgan. Ulardan 30 tasi oʻta katta sigʻimli (18 metr), 500 tasi katta sigʻimli (12 metr), 470 tasi oʻrta sigʻimli (9 metr) boʻlgan zamonaviy avtobus va elektrobuslar boʻladi.
“Mazkur avtobuslar Toshkent shahri yoʻnalishlari tarmogʻi, aholi punktlari va yangi turar joy obyektlaridan kelib chiqqan holda 48 ta yoʻnalishda brutto-shartnoma asosida harakatlanishi taʼminlanadi. Toshkent shahriga kelishi kutilayotgan yangi avtobuslar va elektrobuslar uchun uchta zamonaviy avtosaroyni yoʻnalishlar kesimida nolinchi masofaga yaqin boʻlgan (Yangi Toshkent) yer maydonlaridan ajratish rejalashtirilgan. Yuqoridagi maqsadlar amalga oshishi natijasida Toshkent shahrida jami 2 891 ta avtobus harakatlanadi, oʻrtacha qatnov davomiyligi oʻrtacha 30 daqiqani, yillik tashiladigan yoʻlovchilar 750 million nafarni tashkil etadi”, deyiladi vazirlik maʼlumotida.
Bundan tashqari, poytaxtda turizm koʻchalarini bogʻlovchi tungi vaqtda harakatlanadigan jamoat transporti yoʻlga qoʻyiladi. Turizm koʻchalari orqali 15 ta tungi avtobus yoʻnalishi tashkil etilib, shaharning aeroport, temir yoʻl vokzallari, metro bekatlari, savdo va koʻngilochar markazlari, yirik ish joylari, talabalar yotoqxonasi va shifoxonalar orqali harakatlanadi. Turizm yoʻnalishlarining ish tartibi kechki 22:00 dan 06:00 gacha boʻlib, jami 54 ta avtobus harakatlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib otamiz, 2023-yilda O‘zbekiston Yutong va KingLong kompaniyalaridan jami mingta avtobus va elektrobusni 210 million dollarga xarid qilgandi.








