Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat hamda doʻst Rossiya xalqiga esa ravnaq tilagan.
Suhbatda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarining oʻsish surʼatini davom ettirish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildi.








