Daryo

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasida — yangi davrmi yoki katta tavakkal?

Italiyalik mutaxassisning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi — bu yaxshi qarormi yoki yo‘q? “Daryo” nashri Kannavaroning futbolchilik faoliyati, murabbiylikdagi yo‘li hamda uning kelishining O‘zbekiston terma jamoasi uchun ijobiy va salbiy jihatlari borasida fikr yuritadi.

6 daqiqa o‘qish1 909 ko‘rishlar0 izoh2

Fabio Kannavaro — bu ismni futbolga aloqasi bor har bir kishi eshitgan. Hatto futbolga mutlaqo qiziqmaydiganlar ham uni o‘z davrining eng yaxshi himoyachilaridan biri, 2006-yilgi “Oltin to‘p” sovrindori sifatida taniydi. Aynan o‘sha yili u Italiya terma jamoasining sardori sifatida Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.

Ammo Kannavaroning murabbiylik faoliyatini ko‘pchilik yaxshi bilmaydi. U Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan paytda O‘zbekistonga yutqazganini ham ko‘pchilik eshitmagan bo‘lsa kerak. Endilikda esa italiyalik mutaxassis O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Insayder Fabritsio Romano og‘zaki kelishuv imzolangani, yaqin kunlar ichida rasmiy e’lon qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.

Fabioning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi — bu yaxshi qarormi yoki yo‘q? “Daryo” nashri Kannavaroning futbolchilik faoliyati, murabbiylikdagi yo‘li hamda uning kelishining O‘zbekiston terma jamoasi uchun ijobiy va salbiy jihatlari borasida fikr yuritadi.

Futbolchi sifatida: afsona

Fabio Kannavaro — zamonaviy futbol tarixidagi eng kuchli markaziy himoyachilardan biri. U “Napoli”da faoliyat boshlagan, keyinchalik “Parma”, “Inter”, “Yuventus” va “Real Madrid” kabi yirik klublarda to‘p surgan.

Foto: Getty Images

Eng muhim voqea, albatta, 2006-yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati. Kannavaro Italiya terma jamoasining sardori sifatida jamoadoshlarini finalga yetakladi va penaltilar seriyasida Fransiyani mag‘lub etib, Italiyani tarixiy chempionlik tomon yetakladi. Aynan o‘sha yili u “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi va ushbu sovrinni yutgan kam sonli himoyachilardan biriga aylandi.

Murabbiy sifatida: ko‘plab savollar

Kannavaro murabbiylik faoliyatini Birlashgan Arab Amirliklarida boshlagan. U 2011–2013-yillarda “Al-Ahli Dubay” jamoasida Kosmin Olariyuga yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Bosh murabbiy sifatidagi faoliyatini 2014-yilda Xitoyning “Guanchjou Evergrand” klubida boshlagan. Keyinchalik u Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubida qisqa muddat faoliyat olib bordi. So‘ng Xitoyga qaytib, “Tyanjin Tsyuantszyan” klubiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu jamoani Xitoyning birinchi divizionidan Superligaga olib chiqdi — bu uning ilk katta natijasi edi.

Foto: Getty Images

Kannavaro yana “Guanchjou Evergrand”ga qaytdi va 2019-yilda klubni Xitoy chempioniga aylantirdi. O‘sha yilning o‘zida u Xitoy terma jamoasini vaqtincha boshqardi. Aynan shu davrda Kannavaro boshqaruvidagi Xitoy terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekistonga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu o‘yin uning terma jamoadagi qisqa faoliyatiga yakun yasagan edi.

So‘nggi yillarda u Yevropaga qaytishga harakat qildi. 2022-yilda Italiya B seriyasidagi “Benevento” klubini boshqardi. Ammo uning bu jamoadagi faoliyati qoniqarli bo‘lmadi — 17 o‘yin: 3 g‘alaba, 7 durang, 7 mag‘lubiyat.

Undan so‘ng u Italiya A seriyasidagi “Udineze” klubida faoliyat olib bordi. 2024-yil 22-aprelda murabbiy etib tayinlangan Kannavaro, 8-iyunda iste’foga chiqarildi. 2024-yil dekabr oyida esa Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klubiga bosh murabbiy bo‘ldi. Bu yerda ham u muvaffaqiyatli natijalarga erisha olmadi — 14 ta o‘yin: 7 g‘alaba, 2 durang, 5 mag‘lubiyat. Uning eng esda qolarli natijasi sifatida Chempionlar Ligasida “Milan” ustidan 2:1 hisobidagi g‘alaba tilga olinadi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy bo‘lishi: ijobiy va salbiy jihatlar

Ijobiy jihatlar:

Kannavaro nomi xalqaro maydonda katta hurmatga ega. Uning murabbiy sifatida kelishi futbolchilar, muxlislar va hattoki raqiblar uchun ham jiddiy signal bo‘ladi.

Shuningdek, uning yosh futbolchilar bilan ishlay olishi ham qo‘l kelishi mumkin. Sababi u 2018/19-yilgi mavsumda nisbatan yosh tarkib bilan Xitoy chempionligini qo‘lga kiritgan. Qolaversa, Kannavaro foydalanadigan taktik sxema ham O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi yilllarda foydalanib kelayotgan sxemaga o‘xshash. Jumladan, Fabio 3-5-2 sxemasidan foydalanadi. Ya’ni 3 ta markaziy himoyachi va tez-tez hujumlarga qo‘shilib turadigan ikkita qanot himoyachisi ikkita tayanch yarim himoya chizig‘iga yordam beradigan futbolchilar. Ko‘rinib turibdiki, Kannavaroning falsafasi O‘zbekistonnikiga o‘xshab ketadi. Bu esa futbolchilarni yangi mutaxassisga moslashishini osonlashtirishi mumkin.

Foto: X / Fabritsio Romano

Salbiy jihatlar:

Kannavaro hali murabbiy sifatida chuqur falsafaga ega mutaxassis sifatida tanilmagan. Uning jamoalari ko‘pincha oddiy, konservativ futbol ko‘rsatgan. Garchi u 2017-yilda Xitoy Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan “Yil murabbiyi” deb topilgan va 2019-yilda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, ba’zida uning o‘yin uslubi tanqid ostiga olingan. Aynan shu sabab bilan uni “Guanchjou Evergrand” klubidan bo‘shatishgan. Klub rahbariyati jozibali va hujumkor futbol kutayotgan edi, Kannavaro esa buni taqdim eta olmadi.

Uning o‘zi esa Xitoy futbolidagi texnika va intensivlik darajasi Yevropanikidan past ekanligini aytdi. Shunga qaramay, u yosh futbolchilardan iborat jamoa tuzib, chempionlikni qo‘lga kirita olgan. Ammo, jamoaning asosiy yulduzlari, jumladan, “Barselona” va Braziliya sobiq yarim himoyachisi Paulinyo ketganidan keyin Kannavaro jamoasining ishlari orqaga ketgan.

Fabio Kannavaro o‘zining murabbiylik falsafasi haqida shunday degan:

“Men futbolchilarimdan to‘p bilan ham, to‘psiz ham faol harakat qilishini talab qilaman. Chunki futbol – bu vaqt bilan bog‘liq o‘yin, futbolchilar esa vaqtdan qanday foydalanishni tushunishlari kerak.”

Fabio Kannavaroning murabbiylik taktikasi: mudofaga asoslangan yondashuv va taktika sxemalari

Italiya futboli tarixida o‘zining himoyaviy o‘yini bilan ajralib turgan Fabio Kannavaro murabbiylik faoliyatida ham asosan mudofaga asoslangan, intizomli va aniq yondashuvni afzal ko‘radi. U futbol maydonida himoyachilikda ko‘rsatgan mahoratini, murabbiylik amaliyotida taktika va jamoani boshqarish jihatlariga muvaffaqiyatli tatbiq etishga harakat qiladi.

Kannavaro murabbiy sifatida futbolchilardan birinchi navbatda intizom va diqqatni talab qiladi. Uning jamoalari ko‘pincha himoyaviy tartibga qat’iy rioya qiladigan, raqib hujumlarini samarali to‘xtatishga qaratilgan o‘yin ko‘rsatadi. Shu bois uning taktikasi pragmatik va konservativ deya ta’riflanishi mumkin.

Foto: Getty Images

Uning futbol falsafasida jamoa o‘yini markaziy o‘rin tutadi — individual mahoratdan ko‘ra, jamoaviy intizom va bir-biriga yordam berish ustun turadi. Shuningdek, u o‘yin davomida to‘pni qaytarib olishga, yuqori intensivlik bilan pressing qilishga alohida e’tibor beradi.

Fabio Kannavaro murabbiylik faoliyatida quyidagi taktika sxemalarini ko‘proq foydalanadi:

4-2-3-1 sxemasi — Bu sxema keng qo‘llaniladigan va har tomonlama balansni ta’minlovchi tizim hisoblanadi. Unda ikki markaziy yarim himoyachi ko‘proq himoyaviy vazifani bajarib, himoyani mustahkamlaydi va o‘rtadagi hududni nazorat qiladi. Uch yarim himoyachi esa o‘yinning hujumchi fazasini yaratadi va hujumlarni tashkil qiladi.

Kannavaro uchun bu sxema jamoaning himoya va hujum o‘rtasidagi muvozanatini saqlashda qulay. Shuningdek, bu sxema murabbiyga jamoani raqibga qarab tezkor tarzda himoyaviy yoki hujumkor variantga o‘zgartirish imkonini beradi.

3-5-2 va 3-4-3 sxemalari — ba’zan Kannavaro uch markaziy himoyachilar sxemasiga murojaat qiladi. Bu yondashuv orqali u jamoasining himoyasini yanada mustahkamlashga intiladi. Uch himoyachi va qanot himoyachilari bilan birga, jamoa markazda raqib hujumchilarining sonini kamaytiradi hamda o‘rta chiziqda ustunlikni qo‘lga kiritadi.

3-5-2 yoki 3-4-3 sxemalari o‘yin davomida ko‘proq moslashuvchanlik beradi, jamoaga hujumda qo‘shimcha variantlar yaratish imkonini beradi. Biroq, bu taktika yuqori darajadagi intizom va o‘yinchilar o‘rtasida kuchli birgalikni talab qiladi. Bu sxema O‘zbekiston terma jamoasi uchun begona emas. Sababi “oq bo‘rilar” Srechko Katanets boshchiligida aynan shu kabi sxemadan keng foydalangan.

4-3-3 sxemasi — bu taktika Kannavaroga jamoaning hujum va mudofasini balanslash imkonini beradi. To‘rt nafar himoyachi jamoaning orqa chizig‘ini barqarorlashtirsa, o‘rtadagi uch yarim himoyachi maydonni nazorat qilib, raqibning hujumini oldini olish va hujumga o‘tishni tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi. Uch hujumchi esa raqib darvozasiga doimiy xavf soladi.

Kannavaro uchun bu sxema uning sobiq futbolchi sifatida markaziy himoyadagi mustahkamlik yondashuviga mos keladi. Bu uslub orqali u jamoaga o‘yinni qat’iy nazorat qilish, asosan raqibning kuchli tomonlarini cheklash imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Fabio Kannavaro — futbolchi sifatida katta yutuqlarga erishgan, lekin murabbiy sifatida hanuz o‘zini to‘liq isbotlay olmagan mutaxassis. Uning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi — obro‘li ism va yoshlar bilan ishlash tajribasi bilan ijobiy baholanishi mumkin. Ammo u yetarlicha murabbiylik barqarorligiga ega emas, uslubiy jihatdan esa hali shakllanib ulgurmagan. Bu esa Fabio uchun katta tajriba, O‘zbekiston uchun esa xavfli tajriba sanaladi. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar