Daryo

“Tomahawk raketalarining Ukrainaga berilishi AQSH bilan munosabatlarimizga putur yetkazadi” — Putin

Rossiya prezidenti Vashington bilan munosabatlarda “yangi keskin bosqich” boshlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

1 daqiqa o‘qish894 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga Tomahawk raketalarining yetkazib berilishi mamlakatning AQSH bilan munosabatlariga putur yetkazishini bildirdi. U bu haqda Sochi shahrida o‘tkazilgan xalqaro tashqi siyosat ekspertlari forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Putin dastlab Trampning Ukraina inqirozini hal qilishdagi harakatlari uchun olqishlagan. Shu bilan birga, u AQSHning uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk raketalarini Ukrainaga yetkazib berishi Moskva va Vashington munosabatlarida “yangi, keskin bosqich boshlanishi” bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

“AQSH o‘tgan hafta Kiyevga ushbu raketalarni yetkazib berishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. Bu orada Kreml Tramp vositachiligida tashkil etilgan muzokaralarga hali ham tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi”, degan Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti Jey Di Vens 29-sentyabr kuni.

Putin uzoq masofaga uchuvchi raketalar jang maydonidagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirmasligini ta’kidlagan. U, shuningdek, Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda doimiy ravishda yutuqlarni qo‘lga kiritayotganini aytgan.

Oq uy rasmiysi, ismi sir qolishini so‘rab, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mamlakat iqtisodiyoti va obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan. Putin esa bir necha bor tinchlik bitimini rad etib, o‘z manfaatlariga zarar yetkazadigan takliflarni qabul qilmay kelmoqda.

Forumda Putin, shuningdek, so‘nggi kunlarda Daniya ustidan uchgan dronlar haqidagi da’volarni, xususan, bunga Rossiyaning aloqasi borligini rad etgan. U buni NATOning mudofaa xarajatlarini oshirish uchun mojaroni kuchaytirish strategiyasi ekanini ta’kidladi.

Ayni paytda Daniya bosh vaziri va NATO bosh kotibi dron kuzatilishi holatlarida Rossiyaning aloqadorligini butunlay inkor etib bo‘lmasligini aytgan edi. Kopengagendagi Yevropa rahbarlari sammitida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa bo‘ylab kuzatilgan dron hodisalariga munosabat bildirib, shunday degan:

“Rossiya faqat Ukrainani emas, doimo G‘arbni, ayniqsa Yevropani zaiflashtirishni maqsad qilgan. Moskvaning bugungi strategiyasi oddiy — Yevropani bo‘lib, nizolar keltirib chiqarish va bizni umumiy til topishimizga to‘sqinlik qilish”.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar