Kolumbiya Isroil bilan erkin savdo shartnomasini bekor qiladi va yahudiy diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yuboradi. Bu haqda Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ma’lum qildi.
Petroning so‘zlariga ko‘ra, Isroil diplomatik delegatsiyasi to‘liq tarkibda mamlakatni tark etadi. Bunga Isroil G‘azo sektori uchun insonparvarlik yordami olib ketayotgan “Sumud” (“Matonat flotiliyasi”) kemalarini qo‘lga olgani sabab bo‘lmoqda. Gumanitar yordam ortilgan kema bortida ikki nafar Kolumbiya fuqarosi bo‘lgan. Isroil tomoni jami 70 ga yaqin faolni qo‘lga olgani aytilmoqda.
Petroning aytishicha, agar ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “xalqaro jinoyat” sodir etgan. Prezident Kolumbiya Tashqi ishlar vazirligiga “barcha tegishli shikoyatlarni, jumladan Isroil sudiga ham topshirishni” buyurgan. U xalqaro huquqshunoslarni kolumbiyalik hamkasblariga yordam berishga chaqirgan.
1-oktyabr kuni kechqurun Isroil kemalari G‘azodan bir necha soatlik masofada bo‘lgan “Sumud” loti harakatini to‘sib qo‘ydi. Flotiliya o‘z kemalari bortiga harbiy xizmatchilar chiqayotganini ma’lum qildi. Ular xalqaro suvda qo‘lga olinganliklarini “noqonuniy” deb baholadi. Hozirgacha 13 ta kema qo‘lga olingan, joyida 40 ga yaqin kema bo‘lgan.








