Daryo

Trampning kuyovi HAMAS yetakchisi bilan uchrashdi

Jared Kushner G‘azo tinchlik rejasini amalga oshirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Netanyaxu Isroil qo‘shinlarini sektordan olib chiqishni nazarda tutuvchi ushbu rejaga qarshi chiqmoqda.

1 daqiqa o‘qish5 387 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner 16-avgust kuni HAMASning yangi yetakchisi Xalil al-Hayya bilan uchrashdi. Bu haqda falastinlik rasmiy BBC’ga ma’lum qildi.

Jared Kushner AQSH rahbarining Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi hisoblanadi. Muzokaralarda Tinchlik kengashi elchisi Nikolay Mladenov, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler, Misr, Qatar va Turkiya vakillari ham ishtirok etgan. Tomonlar nimalarni muhokama qilgani hozircha noma’lum.

Bu uchrashuvdan avval, iyul oyida Tramp tomonidan tuzilgan Tinchlik kengashi HAMASni “to‘liq qurolsizlantirish” bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Rejaga ko‘ra, qurolsizlantirish jarayoni yakunlangach, Isroil harbiylari G‘azodan to‘liq chiqib ketishi va sektorni Falastinning yangi fuqarolik ma’muriyati boshqarishi kerak.

Biroq o‘tgan hafta Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampning G‘azoga oid 15 banddan iborat rejasini rad etdi. Shundan so‘ng Jared Kushner G‘azodagi vaziyatni muhokama qilish uchun Yaqin Sharqqa yo‘l oldi. U Isroil bosh vaziri bilan ham muzokara olib borishi kutilmoqda.

16-avgust kuni Misr, BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Turkiya, Pokiston va Indoneziya qo‘shma bayonot bilan chiqib, Isroilning AQSH rejasini rad etishi Trampning tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlariga tahdid solayotganini ta’kidladi.

2025-yilning 10-oktyabrida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi hozircha o‘z kuchida qolmoqda. Biroq shundan beri Isroil mudofaa kuchlari G‘azoga bir necha bor zarbalar berib, HAMASni sulhni buzganlikda aybladi.

Mazkur sulhga olib kelgan urush esa 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS boshchiligidagi guruh Isroil janubiga uyushtirgan hujumi ortidan boshlangandi. Hujumda Isroil tomoni qariyb 1200 kishi halok bo‘lgani, 251 kishi esa garovga olinganini bildirgan. Bunga javoban G‘azoga qilingan hujumlarda esa 73 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar