Daryo

Buyuk Britaniya G‘azoga gumanitar yordam yuboradi

Mamlakatning 220 nafar deputati Falastinni davlat sifatida tan olishga chaqirmoqda

1 daqiqa o‘qish5 034 ko‘rishlar0 izoh0

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer zudlik bilan G‘azo sektoriga gumanitar yordam yuborilishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Foto: BBC

Ta’kidlanishicha, sektorga yordam yuborish mamlakat deputatlarining qarori bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, ularning 1/3 qismidan ko‘prog‘i (220 nafari) Falastin davlatini tan olishga chaqirib, rasmiy maktubni imzolagan. 

Isroil 25-iyul kuni sektordagi gumanitar vaziyatdan xalqaro xavotirning kuchayishi fonida yaqin kunlarda xorijiy davlatlarga havodan yordam tashlashga ruxsat berishini aytgandi. Biroq BMT va boshqa tashkilotlar bu yordam sektorni to‘liq ta’minlay olmasligini bildirib, osmondan tushayotgan qutilar odamlarga jarohat yetkazishini ta’kidlamoqda.

Bu orada Britaniya bosh vaziri anklavdagi tibbiy yordamga muhtoj bolalarni davolash uchun Britaniyaga evakuatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar jadallashtirilayotganini ma’lum qilgan. 

“Isroil G‘azoga gumanitar yordam kiritishga juda kech ruxsat berdi. Biz sektorga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Jumladan, bu borada Iordaniya hukumati bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Bu gumanitar inqirozga nuqta qo‘yish lozim”, deb bayonot bergan Kir Starmer.

U kelasi hafta boshida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlikka erishish masalasida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Isroil mudofaa kuchlari 27-iyul kuni erta tongda G‘azoga yordam kiritish boshlanganini e’lon qilgan. Jumladan, sektorga havodan un, shakar va konservalardan iborat 7 ta yordam paketi tashlangani ochiqlangan. Shuningdek, yahudiy davlati 27-iyul kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha (O‘zbekiston vaqti bilan 12:00 dan 22:00 gacha) Al-Mavosiy, Dayr-al-Balo va G‘azo shaharlarida gumanitar yordam kirishi uchun tinchlik o‘rnatilib, o‘t ochish to‘xtatilishini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya G‘azoga avval ham gumanitar yordam tarqatish sa’y-harakatlarida ishtirok etgan. Mamlakat 2024-yili Iordaniya bilan birgalikda G‘azo shimoliga dori-darmon, oziq-ovqat va yoqilg‘i kabi tonnalab yuklarni parashyut orqali tashlagandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar