Daryo

“Ukraina O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish tarafdori” — Andrey Sibiga

Ikki davlatning tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Andrey Sibiga uchrashdi. Vazirlar siyosiy muloqotni tiklashni va turli sohalarni muhokama qildi.

1 daqiqa o‘qish830 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ukrainalik hamkasbi Andrey Sibiga bilan 26-sentyabr kuni uchrashdi. Bu haqda vazirlar o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Vazirlar savdo, investitsiya, ta’lim va madaniy hamkorlik kabi ikki tomonlama munosabatlardagi dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalarning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqqan.

“Uchrashuvimiz O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish, sheriklikni mustahkamlash hamda xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochish borasidagi qat’iy intilishimizni tasdiqladi”, deb yozgan Saidov.

​

Ukraina tashqi ishlar vaziri esa uning mamlakati Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni tiklash tarafdori ekanini ta’kidladi.

“Siyosiy muloqotni qayta tiklash, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldik. Ukraina O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga sodiq”, deya ta’kidladi Sibiga.

​O‘zbekistonning Ukraina masalasidagi pozitsiyasi

2022-yil 24-fevralga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda “mintaqa aholisini genotsiddan himoya qilish” uchun “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgan edi. O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgani yuzasidan bergan qo‘shimcha ma’lumotida O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada ekanligini ma’lum qilgandi.

Oliy Majlis Senatining 2022-yil 17-mart kuni o‘tkazilgan 24-yalpi majlisida o‘sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi, Lugansk va Donetsk mustaqilligini tan olmasligini bildirgan.

Joriy yilning iyunida o‘tkazilgan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqqan prezident Shavkat Mirziyoyev Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligini aytgan edi.



Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar