Markaziy bank xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 25-sentyabrda amalda bo‘ladigan qiymatini eʼlon qildi.
Unga ko‘ra
- dollar 48,05 so‘mga ko‘tarilib, 12 219,08 so‘m bo‘ldi;
- yevro 15,16 so‘mga oshib, 14 379,41 so‘m bo‘ldi;
- rubl 0,05 so‘mga ko‘tarilib, 145,97 so‘mni tashkil etdi.

Dollar kursi bundan avval 86,10 so‘mga tushib, 12 171,03 so‘m bo‘lgandi. Ushbu valyuta kursi so‘nggi marta 2023-yilning oktyabrida 12 200 so‘mdan tushgandi. 26-oktyabrda uning qiymati 12 195,13 so‘mni tashkil etgan.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, so‘mning AQSH dollariga nisbatan hozirgi mustahkamlanishi bu Markaziy bankning AQSH dollarini sotishi yo‘li bilan sun’iy qilinayotgan tadbir hisoblanadi,
“Shuning uchun dollar kursi tushayotgani bilan tovarlarning bahosi tushmayapti. Agar dollar kursining so‘mga nisbatan qadri pasayishi tabiiy iqtisodiy qonuniyatlar asosida davom etsa, unda bu, albatta, tovarlar va xizmatlar baholarining pasayishiga olib keladi Lekin hozir bu ma’muriy yo‘l bilan, ya’ni valyuta intervensiyasi orqali amalga oshirilyapti, Bu narxlarning tushishiga olib kelmaydigan muhim bir omildir”, degan edi u “Daryo”ga bergan intervyusida.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov esa Oʻzbekistonda almashuv kursi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllanishi, Markaziy bank almashuv kursi boʻyicha bir maqsadli koʻrsatkich belgilamasligi va almashuv kursi shakllanishiga aralashmasligini aytgandi.








