Angliyaning “Liverpul” klubi Madridning “Atletiko” jamoasida to‘p surayotgan argentinalik hujumchi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mersisaydliklar 25 yoshli futbolchini kelasi yozgi transfer oynasida sotib olishni rejalashtirmoqda. Qolaversa, Alvaresning o‘zi ham jamoani o‘zgartirishga qarshi emas. Ingliz klubi rahbariyati futbolchini nafaqat markaziy hujum chizig‘i, balki har ikki qanotda ham o‘ynay olishi sababli sotib olishni mo‘ljallamoqda.
Alvaresga nafaqat “Liverpul”, balki Ispaniyaning “Barselona” klubi ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. Avvalroq argentinalik hujumchi faoliyatini “ko‘k-anorranglilar” safida davom ettirishga tayyor ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 100 million yevroga baholamoqda. “Atletiko” esa futbolchini qo‘yib yubormoqchi emas. Biroq Xulian ketishni istasa, klub sotib yuborishga majbur bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Alvares La Liga doirasidagi beshta o‘yinida maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol va bitta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar amal qiladi.








