Dortmundning “Borussiya” klubi markaziy himoyachisi Niko Shlotterbek faoliyatini Angliya Premyer Ligasida davom ettirishi mumkin. TEAMtalk nashri xabariga ko‘ra, futbolchiga “Manchester Yunayted” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, “Borussiya” hozir moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, shu sababli foydali taklif tushsa, klub 25 yoshli himoyachini sotib yuborishi mumkin. Ayni paytda Shlotterbek transferi bo‘yicha asosiy da’vogar sifatida Kataloniyaning “Barselona” klubi nomi tilga olinmoqda. Chunki hozirda kataloniyaliklarni germaniyalik murabbiy Hansi Flik boshqarmoqda. Mazkur omil futbolchining qaror qabul qilishida muhim rol o‘ynashi mumkin.
Shuningdek, “Liverpul” ham himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Futbolchining “Borussiya Dortmund” bilan shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar amal qiladi. Shu bois “asalarilar” futbolchini qishki transfer oynasi vaqtida sotib yuborishi mumkinligi aytilmoqda.
Ammo “Manchester Yunayted” ham futbolchini qo‘lga kiritish uchun jiddiy kirishgan. Garchi “qizil iblislar” oxirgi uchrashuvlarda yaxshi o‘yin namoyish etayotgan bo‘lsa-da, bosh murabbiy Ruben Amorim boshchiligidagi jamoa ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda. Shuning uchun rahbariyat himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun bir qancha nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.
Dortmundliklar futbolchini 40-50 million yevro atrofida baholamoqda. Ammo Nikoning shartnomasi 2027-yilda yakunlanishi inobatga olinsa, bu summa biroz kamayishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Niko Shlotterbek joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida jami 10 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta golli uzatma muallifiga aylangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 40 million yevroni tashkil qiladi.








