Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Xulian Alvares faoliyatini “Barselona”da davom ettirishni istamoqda. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, argentinalik futbolchi allaqachon yaqinlariga 2026-yilning yozida Kataloniyaga ko‘chib o‘tishni xohlayotganini aytgan. Alvares transfer yuzasidan “Atletiko” rahbariyatiga bosim o‘tkazishga ham tayyor.
Futbolchining bunday qarorga kelishiga bosh murabbiy Diego Simeonening yangi taktik g‘oyalari sabab bo‘lgan. Alvares ushbu o‘zgarishlardan norozi. Shu bois u “Barselona”ga o‘tib, Robert Levandovskining o‘rnini egallamoqchi. Sababi, kataloniyaliklar polshalik hujumchi bilan shartnomani uzaytirishni rejalashtirmayapti.
Shu bilan birga, transferga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omil — Alvaresning narxi. Uning qiymati qariyb 80 million yevroga baholanmoqda. “Barselona” esa katta xaridlarni amalga oshirishga tayyor emas.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum 25 yoshli Alvares Ispaniya La Ligasida 3 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 1 ta gol yozdirib qo‘ygan.








