Daryo

Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya mustaqil Falastin davlatini tan oldi

Uchala davlat ham hukumatda “HAMASning o‘rni bo‘lmasligi” kerakligini ta’kidladi. Davlatchilikni tan olish tinchlikka erishishga qaratilgani ma’lum qilindi.

2 daqiqa o‘qish1 366 ko‘rishlar0 izoh8

Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya 21-sentyabr kuni mustaqil Falastin davlatini tan oldi. Qaror AQSHning qarshiligiga qaramay, Isroilning G‘azo sektorini bombardimon qilib, tinch aholiga zarba berayotgan bir pallada qabul qilindi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq Falastin davlatchiligini tan olishga qarshi chiqib, bu “HAMAS terrorini mukofotlaydi” va guruhning “garovga olinganlarni ozod qilishdan bosh tortishini kuchaytiradi” deb aytgan edi.

Buyuk Britaniya

Mamlakat bosh vaziri Kir Starmer yuqoridagi qarshiliklarga qaramay uning mamlakati Falastin davlatini tan olishini e’lon qildi. Siyosatchi tinchlikni tiklash uchun tegishli qaror qabul qilinganini ta’kidladi.

Bugun tinchlik va ikki davlat yechimiga bo‘lgan umidni qayta jonlantirish uchun, buyuk mamlakatning bosh vaziri sifatida Birlashgan Qirollik Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qilaman, dedi Kir Starmer video murojaatida.​

U HAMASni “shafqatsiz terror tashkiloti” deb atab, uning “hukumatda hech qanday o‘rni bo‘lmasligi kerak”ligini aytdi. “Bu qaror HAMAS uchun mukofot emas”, deya xulosa qildi Starmer.

Kanada

Mamlakat bosh vaziri Mark Karney o‘z bayonotida Isroilning hujumi tufayli G‘azo sektorida yuzaga kelgan vaziyatga to‘xtaldi.

Hozirgi Isroil hukumati Falastin davlatining vujudga kelish imkoniyatini butunlay yo‘q qilish uchun tizimli ravishda harakat qilmoqda. U xalqaro huquqqa zid ravishda G‘arbiy qirg‘oqda aholi punktlarini kengaytirmoqda. G‘azodagi davomli hujumlar esa o‘n minglab tinch aholining o‘limiga, bir milliondan ortiq odamning ko‘chirilishiga va xalqaro huquq buzilishi oqibatida fojiali ocharchilikka olib keldi.

Isroil hukumatining e’lon qilingan siyosati “Falastin davlati bo‘lmaydi” degan qat’iy qarashga asoslangan. Aynan shu vaziyatda Kanada Falastin davlatini tan oladi va ikki davlat uchun tinch kelajak yaratishda hamkorlikni taklif etadi. Kanada bu qadamni ikki davlat yechimini saqlab qolish yo‘lidagi muvofiqlashtirilgan xalqaro sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida tashlamoqda, deyiladi hukumat bayonotida.

Avstraliya

Avstraliya Falastinni suveren va mustaqil davlat sifatida rasman tan oldi va Isroil—G‘azo urushi fonida tashqi siyosatida muhim burilish yasadi. Bu Yaqin Sharqda ikki davlat yechimini ta’minlash, jumladan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujumdan keyin garovga olinganlarni ozod qilishga yangi turtki berishga qaratilgan.

Xalqaro hamjamiyat Falastin ma’muriyati oldiga aniq talablar qo‘ydi. Falastin ma’muriyati prezidenti Isroilning mavjud bo‘lish huquqini yana bir bor tan oldi hamda Avstraliyaga bevosita majburiyatlar — demokratik saylovlar o‘tkazish, moliya, boshqaruv va ta’lim sohalarida muhim islohotlar amalga oshirish — bo‘yicha kafolat berdi. 
Falastinda HAMAS terrorchilik tashkilotining hech qanday o‘rni bo‘lmasligi kerak. Keyingi qadamlar, jumladan, diplomatik munosabatlarni o‘rnatish va elchixonalarni ochish, Falastin ma’muriyatining islohotlar bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdagi yutuqlariga qarab ko‘rib chiqiladi, deyiladi bosh vazir Entoni Albaneze bayonotida.​​

O‘zbekiston Falastin davlati bilan 1994-yil 25-sentyabrda, Isroil bilan esa 1992-yil 21-fevralda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. O‘zbekiston har ikki davlat bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Yaqin Sharqda ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor ta’kidlagan.​

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar