Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qurilishda 23 yoshli o‘zbekistonlik ishchi halok bo‘ldi. Bu haqda “Patrulniy Peterburga” nashri xabar berdi.
Voqea 16-sentyabrda Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi va uning huzuridagi sud departamenti qurilish obyektida sodir bo‘lgan. 23 yoshli o‘zbekistonlik ishchi qurilish 15 metr balandlikdan qulab tushib, voqea joyida vafot etgan.
Shimoli-g‘arbiy mintaqalararo mehnat inspeksiyasiga ko‘ra, baxtsiz hodisaga ishchining shaxsiy himoya vositalaridan foydalanmagani, balandlikdagi ishlar qoniqarsiz tashkil etilgani sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasining xabar berishicha, vafot etgan shaxs Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan A.U. ekani aniqlangan. U 2025-yilning aprel oyidan buyon Sankt-Peterburgda bo‘lgan va metall konstruksiyalar montajchisi sifatida ishlagan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda va jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bosh konsullik va Migratsiya agentligi vakolatxonasi marhumning yaqinlari bilan aloqada bo‘lib, uning jasadini vatanga qaytarishda har tomonlama yordam ko‘rsatadi.








