Jizzax viloyati Paxtakor tumanida o‘n tup daraxt kesgan fuqaro 2 yilga qamaldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Paxtakor tumanidagi fermer xo‘jaligi hududida 10 tup daraxt noma’lum shaxs tomonidan kesib ketildi. Tezkor surishtiruv harakatlaridan keyin ma’lum bo‘lishicha, bu ishni 1976-yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgan. U bu ishni sodir qilgan vaqtida avvalgi qilgan jinoyati uchun jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 198-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil 2 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi foydasiga 253 million 300 ming so‘m miqdorida moddiy zarar undirish belgilandi.Bundan avval Samarqanddagi Bulvarda uch tup chinor kesilgani haqida xabar berilgan edi.








