Toshkent viloyatining Zangiota tumanida quvvati 320 kVt bo‘lgan kichik GES ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Damariq kanali hududida tadbirkor tomonidan quvvati 640 kVt bo‘lgan kichik gidroelektr stansiyasi qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning birinchi bosqichi — 320 kVt quvvati ishga tushirildi.
Kichik GES to‘liq quvvatda ishga tushgandan so‘ng yiliga o‘rtacha 3 mln 200 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 1 300 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Ushbu elektr stansiya ochilish marosimi doirasida kichik GES qurishga qiziqish bildirgan tadbirkorlar uchun maxsus seminar-trening ham tashkil etildi.
Toshkent viloyatida hokim qarori bilan 45 ta yangi mikro gidroelektr stansiya (GES) qurish uchun 3,23 gektar yer maydoni ajratilgan edi. Mikro gidroelektr stansiyalar, katta masshtabda quriladigan GESlardan farqli ravishda, ayniqsa, qishloq joylarda elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Jami 248 ta hududda ana shunday inshootlar qurilishi uchun yer maydonlari ajratilgan.








