Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining uch nafar oʻrinbosari lavozimidan ozod etilgach, yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, Sardor Rajabov oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining oʻrinbosari edi.
Shuningdek, Baxtiyor Yoʻldashev Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori etib tayinlandi.
Bundan tashqari, prezidentning tegishli qarori bilan Azizbek Turdiyev Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U bunga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maslahatchisi vazifasida ishlab kelayotgan edi. 2023-yildan boshlab MDH davlatlar hamkorligidagi “Hamdo‘stlik bolalar” loyihasi hamda “Yoshlarni tadbirkorlik va sanoatga yo‘naltirish” loyihasi rahbari sifatida faoliyat yuritadi.
“Kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q”, degan edi kechagi selektorda davlat rahbari.
Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilingan.
Shuningdek, prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etilgandi.








