Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining uch nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Prezident raisligidagi selektorda iste’folar e’lon qilindi.
“Kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q”, dedi davlat rahbari.
Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilindi.
Shuningdek, prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.
Endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iste’folarga oliy ta’lim muassasalariga litsenziya berilib, so‘ngra texnik nosozlik deya qaytarib olingani bilan bog‘liq holatlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.








