Daryo

Zelenskiy Putinning Moskvada uchrashish taklifiga javob qaytardi

Ukraina prezidentiga bu taklifni amerikalik hamkorlar yetkazgan.

1 daqiqa o‘qish632 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiyni Moskvada uchrashuvga taklif qilgandi. Zelenskiy mazkur taklif muzokaralarni cho‘zishga qaratilganini aytdi va unga rad javobini berdi. 

“Amerikalik hamkorlar Putin meni Moskvaga taklif qilganini yetkazdi. Uchrashuv bo‘lmasin desang, meni Moskvaga taklif qil. Menimcha, shu sababli Rossiya uchrashuv haqida gapira boshladi — bu yomon emas. Ammo hozircha biz ularning urushni tugatish istagini ko‘rmayapmiz. Katta yetakchilar bunday darajadagi uchrashuvdan natija bilan chiqishi kerak. Eng yaxshisi – urushning tugashi bilan”, dedi Zelenskiy.
​Shuningdek, u “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar natijalari haqida gapirdi. Xususan, prezident hamkorlar xavfsizlik kafolatlari doirasida o‘z kontingentining Ukraina hududida bo‘lishiga kelishib olganini aytdi.
“Bu ko‘p tarkibli infratuzilma. Avvalo bu ishtirokdir. Biz kelishib oldik, ular ishtirok etadi. Miqdori haqida hozircha gapirishga tayyor emasman. Ammo, rostini aytsam, biz o‘zaro bo‘lishib oldik. Biz allaqachon rozi bo‘lganlarning taxminiy sonini bilamiz. Bu ishtirok turlicha bo‘ladi — havoda ham, dengizda ham, quruqlikda ham”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
​

Rossiya prezidenti 3-sentyabr kuni Zelenskiy muzokara istasa, Moskvaga kelishi kerakligini aytgandi. Bu chaqiriqqa javoban Ukraina tomoni taklifni noreal va qabul qilib bo‘lmaydigan deb atadi. Tegishli bayonot prezident maslahatchisi Dmitriy Litvin hamda tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga tomonidan e’lon qilindi. 

Putin urush tez orada tugashi mumkinligini aytsa-da, Rossiya Donbas hududidan voz kechmasligini va maqsadlarini kuch bilan amalga oshirishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, u Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga intilmasligini talab qilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar