Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida yashovchi Gulandom Farmonova “Daryo”ga murojaat qilib, adolatsizlikka uchraganini, tez orada uch nafar farzandi bilan koʻchada qolishi mumkinligini aytdi. “Daryo” jurnalisti murojaatni oʻrgandi.

Murojaatchining aytishicha, u 2008-yil turmushga chiqqan. Oʻtgan yillar davomida turmush oʻrtogʻi bilan uning otasidan qolgan hovlida yangi uy qurgan. Ammo ayni kunga kelib oʻsha uyidan ajralib qolmoqda.

Men 2008-yil Qarshi tumanida yashovchi Sirojiddin Abdullayev bilan qonuniy nikohdan oʻtib, turmush qurganman. Uch nafar farzandimiz bor. Oʻrtamizda kelib chiqqan kelishmovchiliklar sabab erim meni uradigan boʻlib qoldi. Shuning uchun Ichki ishlar tomonidan himoya orderi berilgandi. Shunga qaramasdan yana toʻpolonlar tinmadi. Turmushimiz davomida erim va men qaynotamdan qolgan eski hovlida boshqa uy qurdik. Hali uy qurilishi toʻliq bitmagan. Ammo bugungi kunga kelib erim bilan ajrashyapmiz. Uning akasi Ruhiddin Abdullayev meni va bolalarimni uysiz qoldirish maqsadida biz yashab kelayotgan uyni boshqa birovga sotib yubordi, — deydi murojaatchi.

Gulandom Farmonovaning tushuntirishicha, “Qovchin” MFY Qovchin qishlogʻidagi Mehr koʻchasida joylashgan 33-uy qaynotasi 1997-yilda vafot etgan Qoʻldosh Abdullayevga tegishli boʻlgan.

Erimning akasi otasiga tegishli uyni Xalq deputatlari Qarshi rayon soveti ijroiya komitetining 1989-yil 29-dekabrdagi №389 0/12 sonli qarori bilan 2025-yil 25-fevral kuni 46-raqam bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazgan. 2025-yil 27-mart kuni esa merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomani ham olgan. Aslida qaynotamga tegishli eski uy 2024-yilda buzib tashlagan edi. Biz qurayotgan 5 xonali uyning esa hali qurilishi yakunlanmagandi. Turmush oʻrtogʻimning akasi biz qurgan yangi uyni eski uy sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan va kadastr hujjatini qilgan, — deydi murojaatchi.

Gulandom Farmonova mazkur uyga kadastr hujjatini bergan xodimning ustidan sudga shikoyat kiritgan. Ammo sud uning bu shikoyatini rad etgan.

Erimning akasi biz tomonimizdan qurib bitkazilayotgan uy-joyni otasi qurgan deb koʻrsatib, boshqa fuqaroga sotib yubordi. Oqibatda ayni kunda men va bolalarim uysiz qolyapmiz, — deydi u.


Kadastr xodimi meros guvohnomasiga asoslanib, notarius tasdiqlagan hujjat boʻyicha uyning kadastr hujjatlarini tayyorlab bergan. Bu masalada kadastr xodimi oʻz vazifasini bajargan, — deydi masʼul.
Foto: “Daryo”
“Qovchin” MFY raisi B.Ergashev ishtirokida hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim imzolagan dalolatnomaga koʻra, Gulandom Farmonovaning vajlari asosli. Uy haqiqatdan ham uning qaynotasidan qolgan boʻlgan. Er-xotin 2008-yil turmush qurgach, yillar davomida uyini birga barpo etgan. Ammo sud bu holatni inobatga olmagan.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.








