Daryo

Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonga 1 mln yevro mablag‘ va 130 tonna gumanitar yordam jo‘natdi

Birinchi navbatdagi zarur tovarlar partiyasi hafta oxirigacha Kobulga yetib boradi.

1 daqiqa o‘qish998 ko‘rishlar0 izoh0

Yevropa Ittifoqi kuchli zilziladan zarar ko‘rgan Afg‘onistonga 1 million yevro mablag‘ ajratgan hamda 130 tonna gumanitar yordam yubordi. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

Ta`kidlanishicha, birinchi navbatdagi zarur tovarlar partiyasi hafta oxirigacha Kobulga yetib boradi. Mablag‘lar hozirda joylarda faoliyat yuritayotgan gumanitar tashkilotlarga beriladi.
Chodirlar, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur narsalarni yetkazib berish Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikkita gumanitar parvoz orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yordamni yetkazishda ko‘maklashadigan favqulodda vaziyat xaritalarini tuzish uchun Copernicus sun’iy yo‘ldosh xizmati jalb etilgan.

Ushbu yangi yordam mamlakatdagi gumanitar tashkilotlar uchun 2025-yilda ajratilgan 161 million yevrolik gumanitar yordamga qo‘shimcha hisoblanadi. Yevropa Ittifoqining insonparvarlik yordami faqat hamkor tashkilotlar orqali yuboriladi.

Afg‘onistondagi so‘nggi zilzila

31-avgust kuni yarim tunda Afg‘onistonning Jalolobod shahri yaqinida 6,0 balli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzilada qurbonlarning aksariyati Kunar viloyatidan bo‘lgan. Undan keyin 4,5–5,2 magnitudali aftershoklar qayd etilgan. Afg‘oniston aholisi asosan paxsa devorli uylarda yashagani bois vayronagarchilik ko‘lami keng bo‘lgan. Zilzila tog‘li va olis hududda ro‘y bergani sababli aniq ma’lumotlarni yig‘ish vaqt olmoqda.

Afg‘oniston Hind va Yevrosiyo litosfera plitalari to‘qnashgan hududda joylashgani uchun seysmik xavfi yuqori bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, Sharqiy Afg‘onistonning tog‘li hududlari ko‘chkilarga moyil bo‘lib, bu qutqaruv ishlarini yanada murakkablashtirmoqda.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar