Daryo

Paulu Bentu O‘zbekiston terma jamoasida nimalarni o‘zgartirishi mumkin?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Agar bu qaror rasman tasdiqlansa, o‘zbek futbolida yangi davr boshlanishi mumkin. Shu bois, “Daryo” nashri Bentuning murabbiylik faoliyati, o‘yin uslubi hamda erishgan yutuqlari haqida batafsil to‘xtalishga qaror qildi

5 daqiqa o‘qish1 048 ko‘rishlar0 izoh3
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Agar bu qaror rasman tasdiqlansa, o‘zbek futbolida yangi davr boshlanishi mumkin. Shu bois, “Daryo” nashri Bentuning murabbiylik faoliyati, o‘yin uslubi hamda erishgan yutuqlari haqida ba’tafsil to‘xtalishga qaror qildi. 

 

Futbolchilik faoliyati

Paulu Bentu futbolchilik faoliyati davomida Portugaliya klublari hamda Ispaniyaning “Ovyedo” jamoasida to‘p tepgan. U tayanch yarim himoyachi pozitsiyasida harakat qilgan. Bentu bir marta Portugaliya chempioni, 3 marta mamlakat kubogi hamda Superkubogini qo‘lga kiritgan. U jami 295 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol hamda 9 ta assist muallifiga aylangan. Paulu Bentu 2004-yilda futbolchilik faoliyatini yakunladi.Murabbiylik faoliyati

Paulu Bentu futbolchilik faoliyatini yakunlagach, tez orada murabbiylikka o‘tgan. U dastlab, karyerasini Lissabonning “Sporting” U-19 jamoasiga ustozlik qilishdan boshlagan. Oradan bir yil o‘tib, “Sporting”ning asosiy jamoasi ustozi etib tayinlangan. U lissabonliklar safida 2009-yilning noyabr oyiga qadar ishlagan va klub bilan 2 marta Portugaliya kubogi va 2 marta Superkubogini qo‘lga kiritgan. 
Foto: UEFA
Mutaxassis 2010-yilning yoziga kelib Portugaliya terma jamoasida ishlashni boshladi. Aynan uning qo‘l ostida portugaliyaliklar Yevro–2012 musobaqasida yarim finalga qadar yetib borgan edi. Ammo final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda Ispaniyaga penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, musobaqadagi yurishini yakunlagan. Keyinchalik jamoa bilan Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ham qatnashdi. Ammo Portugaliya guruh bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jamoa Germaniyaga 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, AQSH bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Ganani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan portugallar 4 ochko bilan guruh bosqichida ishtirokini yakunlagan. 

Keyinchalik Braziliyaning “Kruzeyro” klubida ham qisqa muddat ishladi. Ammo 2 oydan keyin u yerdan ishdan bo‘shatilgan. Yevropaga qaytgan Bentu bir yil davomida Gretsiyaning “Olimpiakos” klubini boshqardi. U jamoa bilan 40 ta o‘yin o‘tkazib, 26 ta g‘alaba, 8 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat qayd etdi. U 2017-yilning mart oyida yomon natijalar ortidan ishdan bo‘shatilgan. 

 

Paulu Bentu 2017-yilning dekabr oyida Xitoyning “Chunsin Lifan” klubiga menejer etib tayinlandi va 2018-yilning iyulida iste’foga chiqarildi. 

Shundan keyin mutaxassis Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bentu “Osiyo yo‘lbarslari” tarkibida 2022-yilga qadar faoliyat olib borgan. Murabbiy ortda qolgan 4 yil davomida Janubiy Koreya bilan Sharqiy Osiyo kubogida g‘alaba qozongan. Qatarda o‘tgan Jahon chempionatining guruh bosqichida 1 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqqan. Ammo nimchorak finalda Braziliyaga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, turnir bilan xayrlashgan. 

Foto: UEFA

Bentuning oxirgi ish joyi Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi. U jamoani 2026-yilgi Jahon chempionatiga olib chiqishi kerak edi. Biroq amirliklar jamoasi guruh bosqichida yomon natijalar qayd etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Shundan keyin 2025-yilning mart oyida u yerdan ham bo‘shatildi.

O‘yin uslubi va taktik sxemalari

Pablo Bentu odatda 4-2-3-1 yoki 4-3-3 sxemalaridan foydalanadi. Uning murabbiylik falsafasi aniq strukturaga ega bo‘lgan, balansli futbolga asoslanadi. Jamoalari kuchli pressing, intizomli himoya va keskin qarshi hujumlarga tayangan holda o‘ynaydi. Bentu hujumchilarni samarali ishlatish, yarim himoyachilar esa to‘pni nazorat qilish va taktik intizomni saqlashini talab qiladi.

U o‘zini “balans tarafdori” deb hisoblaydi: ya’ni jamoa hujumda faol va ijodkor bo‘lishi kerak, ammo bu bilan birga himoya chizig‘ini ham esdan chiqarmaslik lozim. Janubiy Koreya terma jamoasini boshqargan davrida ham u aynan shu yondashuv asosida ishlagan: ba’zida raqibga maydonning katta qismini topshirgan bo‘lsa-da, qarshi hujumlarda yuqori samaradorlikka erishgan. Bentu asosan 4-2-3-1 sxemasidan foydalansa-da, nisbatan oddiy jamoalarga qarshi ikkita hujumchi bilan ham o‘ynagan holarlar kuzatilgan. Ammo o‘sha paytda ham himoya unutilmagan. Ya’ni jamoa 4 himoyachi va ikkita tayanch yarim himoyachi bilan harakat qilgan. Bu ham murabbiyni “balans tarafdori” ekanligini anglatadi. Ammo Bentuning jamoalari bir xil sxema ostida o‘ynashi ko‘p hollarda tanqidlarga uchragan.

Janubiy Koreyaning The Korea Times nashri shunday yozadi:
Murabbiy sifatida Paulu Bentuning eng katta kamchiligi — bu haddan tashqari qat’iylik va taktik moslashuvchanlikning yetishmasligidir. U o‘z taktikasiga shu qadar sodiqki, ko‘p hollarda raqibga qarab sxema tanlashni istamaydi. Bu esa kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda salbiy natijalarga olib keladi.

Xulosa qilib aytganda, Paulu Bentu kuchli taktika, intizom va barqarorlik tarafdori. U o‘z boshqaruvidagi jamoalarga tartibli va barqaror o‘ynashni o‘rgatadi. Ayniqsa, turnir shaklidagi musobaqalarda uning yondashuvi foyda beradi.

Biroq murabbiyning qat’iyatli yondashuvi ba’zan:

1. Jamoaning ijodkorlik salohiyatini pasaytiradi,
2. Hujumda samaradorlikni cheklaydi.

Intizom va murabbiylik falsafasi

Paulu Bentu futbolchilaridan qat’iy intizom va rejaga amal qilishni talab qiladi. U individual yulduzlarga tayanib qolmaydi, balki jamoaviy o‘yinni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Portugaliyalik mutaxassis murabbiy sifatida jamoada ruhiy barqarorlik yaratishga ham katta e’tibor beradi. Murabbiy ba’zi hollarda futbolchilarning fikrini hisobga olmasligi yoki o‘ta sovuqqonlik bilan yondashishi sababli, ichki muhitda muammolar yuzaga kelgan holatlar ham bo‘lgan. Portugaliya terma jamoasida Krishtianu Ronaldu bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar bunga misol bo‘la oladi.

Shuningdek, u ommaviy axborot vositalari bilan ham yaxshi chiqishmaydi. Ba’zida kiborlik bilan, ba’zida sovuqqon tarzda munosabat bildiradi.

 Bentu O‘zbekiston terma jamoasiga tayinlansa, nimalar o‘zgarishi mumkin?

O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi yillarda barqaror tarzda 5 himoyachi bilan o‘ynashga o‘tgan edi. Bu sxema jamoaga intizomli himoya va qarshi hujumlar asosida ancha ijobiy natijalar olib keldi. Ayniqsa Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda bu uslub o‘zini oqladi. Biroq portugaliyalik Paulu Bentu tayinlansa, bu taktik yondashuv o‘zgarishi mumkin.

U holatda O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi sxemalarda o‘ynаshi mumkin:
4-2-3-1

Foto: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov

Agar O‘zbekiston terma jamoasi ushbu pozitsiyada o‘ynashni boshlasa, markaziy himoyadagi qaysidir futbolchi asosiy tarkibdan chiqarilishi mumkin. Odatda 3-markaziy himoyachi sifatida Rustam Ashurmatov hamda Umarbek Eshmurodov o‘ynab keladi. Bentuning uslubida ushbu futbolchilar zaxirada qoldirilishi va uning o‘rniga hujumkor yarim himoyachiga imkon berilishi mumkin. Bu pozitsiyaga Jamshid Iskanderovni taxmin qilib ko‘rsa bo‘ladi. 

 4-3-3 taktik sxema

 

Foto: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov 

Paulu Bentu ushbu pozitsiyadan ham foydalanadi. Ayniqsa, 2010-2014-yillarda Portugaliya terma jamoasini aynan 4-3-3 pozitsiyasida o‘ynatgan. 

 4-4-2

Foto: “Daryo” / Asadbek Berdiyorov 

Paulu Bentu Janubiy Koreyada ishlab yurgan paytda ushbu sxemaga tez-tez murojaat qilgan. Ya’ni bunda ham 4 himoyachi harakat qiladi, ammo himoyaga yaqin nuqtada ikkita tayanch yarim himoyachi o‘yandi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Paulu Bentuning O‘zbekiston terma jamoasiga tayinlanishi ehtimoli jamoa o‘yinida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Yillar davomida shakllangan 5 himoyachili sxemadan voz kechilib, yarim himoyaga asoslangan hujumkorroq tizim — 4-2-3-1 yoki 4-3-3 sari o‘tish kutilmoqda. Bu esa nafaqat o‘yin uslubini, balki asosiy tarkibni ham yangilaydi: ayrim futbolchilar zaxiraga tushadi, boshqalarga esa yangi imkoniyatlar ochiladi.

Shuningdek, uning Jahon chempionatlarida ishlash tajribasi ham O‘zbekiston terma jamoasi foydasiga ishlashi mumkin. 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar