Daryo

Eldor Shomurodov: “Bizda bosim yo‘q. Shu sababli ertaga Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi”

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov JCH—2026 doirasidagi Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning ruhiy holati, xatolardan chiqarilgan xulosalar hamda bo‘lajak raqib haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

2 daqiqa o‘qish7 083 ko‘rishlar0 izoh5

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov JCH—2026 doirasidagi Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning ruhiy holati, xatolardan chiqarilgan xulosalar hamda bo‘lajak raqib haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bosim yo‘q, ishonchimiz ortgan”

Terma jamoa sardori ilk o‘yindagi hayajon ortda qolganini va yigitlar faqat g‘alaba uchun maydonga tushishini ta’kidladi:

“Albatta, bizda bosim yo‘q. Shu sababli ertaga Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bizda ajoyib jamoa shakllangan. Birinchi o‘yindan keyin bizda ishonch paydo bo‘ldi, chunki biz allaqachon mundialdagi debyutimizni o‘tkazib bo‘ldik. Hayajon bo‘lishi tabiiy holat, biroq maydonga chiqqan birinchi daqiqamizdayoq bu esdan chiqadi. Ertaga yaxshi natija uchun maydonga tushamiz”.

“Portugaliyaning natijasi hozir muhim emas”

Shomurodov raqibning dastlabki turdagi kutilmagan durangiga ortiqcha baho bermasligini va jamoa faqat o‘z o‘yiniga e’tibor qaratayotganini aytdi:

“Biz raqibimizning birinchi turdagi o‘yini natijasiga umuman ahamiyat bermadik. Bu haqda hozir o‘ylashning mavridi emas. Balki, uchinchi turdan keyin buni muhokama qilarmiz, ammo hozir biz uchun eng asosiysi — ertangi bahs”.

Ilk o‘yindagi xatolardan xulosalar

Hujumchi Kolumbiyaga qarshi ilk o‘yindagi ba’zi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi va Portugaliyaga qarshi o‘yindagi asosiy maqsadlarni tushuntirdi:

“Kolumbiyaga qarshi uchrashuvning birinchi bo‘limida murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz evaziga xatolar kelib chiqdi, deb o‘ylayman. Ertaga bunday xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilib, xavfli vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz”.

Abbosbek Fayzullayev haqida

Shomurodov klub miqyosida ham jamoadoshi hisoblangan Abbosbek Fayzullayev bilan maydondagi o‘zaro tushunish darajasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi:

“Biz Abbos bilan klubda ham birga o‘ynaymiz. Mashg‘ulotlarda ham doimo birgamiz. Shu sababli bir-birimizni o‘zaro juda yaxshi tushunamiz, desam bo‘ladi. Eng muhimi — maydonda bir jamoa bo‘lib, kerakli ijobiy natijani qo‘lga kiritishga harakat qilamiz”.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hamda Portugaliya terma jamoasi o‘rtasidagi bahs 23-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.  ​

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar