Amerika Qo‘shma Shtatlari urush yakunlangach, Ukrainaga havo mudofaasi tizimi va razvedka ma’lumotlari orqali yordam beradi. Biroq AQSH qo‘shinlari Ukrainaga yuborilmaydi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlari rahbarlariga mamlakati Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlarini muvofiqlashtirishda qatnashishga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng, yuqori martabali amerikalik amaldorlar Yevropa hamkorlari bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazib, AQSH Ukrainaga havo mudofaasi vositalari va razvedka ma’lumotlari bilan yordam berishga tayyorligini ta’kidlagan.
AQSHning yordami Yevropa tomonidan joylashtirilgan har qanday kuchlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilishi mumkin.
Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvaning ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlari berilsa, bu Rossiya tomonidan qabul qilinmasligini aytgan. Shundan beri xavfsizlik kafolatlari hamda Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning uchrashuvi borasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmagan.








