Daryo

Rossiyaning Kamchatka yarimorolida 8,7 balli kuchli zilzila sodir bo‘ldi (video)

Yer silkinishlarining ta’siri boshqa davlatlarda ham sezildi. Yaponiya va AQSHda sunami xavfi e’lon qilindi

2 daqiqa o‘qish9 122 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiyaning Kamchatka yarimoroli sohilida 8,7 balli zilzila sodir bo‘ldi. Orolning sharqiy sohiliga 3–4 metr balandlikdagi sunami to‘lqinlari urildi. Bu haqda AQSH Geologik xizmatiga tayanib BBC xabar berdi.

Foto: NDTV

Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatiga ko‘ra, zilzila markazi Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 136 kilometr sharqda, 18 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Zilzila sabab Tinch okeanining shimoliy qirg‘oqlari — Kaliforniyagacha bo‘lgan hududlarda balandligi 3 metrgacha yetishi mumkin bo‘lgan sunamilar kuzatilishi prognoz qilinmoqda.

Yaponiyaning Hokkaydo orolidagi shaharlaridan biriga 30 santimetr balandlikdagi dastlabki to‘lqinlar yetib kelgani ma’lum qilingan. Yaponiya meteorologiya agentligi keyingi to‘lqinlar undan ham balandroq bo‘lishidan ogohlantirgan. Tokio va Osaka shaharlarida ham 1 metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar xavfi sababli ogohlantirish e’lon qilingan.

Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba qisqa murojaat bilan chiqib, xavfli hududlardagi aholini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirgan.

“Fuqarolarga zarar yetmasligi uchun bor kuchimizni ishga solamiz”, dedi u.

AQSH hukumati Alyaska va Gavayi orollarida ham sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan. Bundan tashqari, Guam oroli hamda Mikroneziyaning boshqa orollari ham katta xavf ostida bo‘lishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Biroq Kamchatka sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Oleg Melnikovning ma’lum qilishicha, bir nechta fuqarolar evakuatsiya vaqtida jarohat olgan.

“Derazadan sakragan bemor ham bor. Yangi aeroport binosida bo‘lgan bir ayol ham tan jarohati olgan. Hamma bemorlarning ahvoli qoniqarli”, degan Melnikov

Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov fuqarolarga qirg‘oq hududlaridan yiroq bo‘lishni, ommaviy axborot vositalari va ovoz kuchaytirgichlar orqali e’lon qilinayotgan ogohlantirishlarga amal qilishni tavsiya qilmoqda.

Kamchatka — Osiyoning shimoli sharqidagi yarim orol bo‘lib, Rossiya tarkibiga kiradi. U Tinch okeani, Oxota va Bering dengizlari bilan o‘ralgan. Uzunligi 1200 kilometr. Maydoni 370 ming kilometr kvadrat. Yarimorolda 160 dan ziyod vulqon bor, shundan 28 tasi harakatda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar