Daryo

G‘azo hokimiyati: Isroil tarqatayotgan un qoplarida giyohvand moddalar topildi

G‘azo insonparvarlik yordami jamg‘armasi orqali AQSH va Isroil ko‘magida tashkil etilgan gumanitar yordam markazlarida tarqatilayotgan un solingan qoplarda giyohvandlik ta’siriga ega tabletkalar topilgan

1 daqiqa o‘qish7 489 ko‘rishlar0 izoh0

G‘azo sektori hukumati matbuot xizmati xabar qilishicha, Amerika-Isroil gumanitar yordam markazlaridan kelgan un qoplarida oksikodon turidagi giyohvand modda bo‘lgan tabletkalar aniqlangan.

Foto: Reuters

G‘azo insonparvarlik yordami jamg‘armasi orqali AQSH va Isroil ko‘magida tashkil etilgan gumanitar yordam markazlarida tarqatilayotgan un solingan qoplarda giyohvandlik ta’siriga ega tabletkalar topilgan.

Ma’lum qilinishicha, “to‘rt kishi Amerika-Isroil gumanitar yordam markazlaridan kelgan un qoplarida oksikodon turidagi giyohvandlik moddasi bo‘lgan tabletkalarni aniqlagan”.

Bayonotda ta’kidlanishicha, giyohvand moddalarni un solingan qoplarga joylashtirish “fuqarolar sog‘lig‘i va jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga qarshi qaratilgan jirkanch jinoyatdir”.

Foto: Mash

G‘azo hokimiyati Isroilni gumanitar yordam bahonasida giyohvand moddalarni kontrabanda qilish orqali falastinliklar orasida giyohvandlikni yoyishga urinishda ayblamoqda. Rasmiylarning fikricha, bunday moddalardan “iflos urushning yumshoq quroli” sifatida foydalanish harbiy jinoyat hisoblanadi va xalqaro gumanitar huquq normalarini buzadi.

Hokimiyat vakillari bunday markazlardan oziq-ovqat oladigan aholini hushyor bo‘lishga, insonparvarlik yordamini sinchkovlik bilan tekshirishga va shubhali moddalar haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirgan. Oilalarga farzandlarini ushbu markazlarga borish xavfi va giyohvand moddalar tahdidi to‘g‘risida ogohlantirish tavsiya etilgan.

Foto: Mash

Shuningdek, bayonotda xalqaro hamjamiyatni yuzlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan bunday “o‘lim tuzoqlari” faoliyatini to‘xtatishga chaqirilgan.

G‘azo hukumatining 25-iyundagi ma’lumotlariga ko‘ra, 27-maydan buyon ushbu yordam tarqatish markazlarida 549 falastinlik halok bo‘lgan, yana 4066 kishi jarohat olgan.

BMT Insonparvarlik agentligi (OCHA) G‘azoda kasalliklar ko‘payib borayotgani, o‘ta zarur dori-darmon va toza suv yo‘qligi sababli tinch aholi halok bo‘layotganini ta’kidladi. 

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar