Daryo

“Lion” quyi divizionga tushirib yuborildi

Klub rahbariyati Liga 1 chempionatidan chetlatilish qarorini tushunarsiz deb hisoblayapti va darhol apellyatsiya kiritishini bildirgan

1 daqiqa o‘qish4 598 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiyaning “Lion” klubi moliyaviy hisobotlardagi kamchiliklar sababli Fransiya futboli moliyaviy nazorati va boshqaruvi milliy direksiyasi (DNCG) qarori bilan ikkinchi divizionga tushirildi. Bu haqda Professional futbol ligasining rasmiy sayti xabar berdi.

Foto: Championat

RMC Sport nashrining yozishicha, DNCG komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda “Lion” klubining moliyaviy holati batafsil ko‘rib chiqilgan. Jarayonda klub egasi — amerikalik biznesmen Jon Tekstor ham ishtirok etgan. Biroq Tekstor taqdim etgan dalillar komissiya a’zolarini ishontira olmagan va natijada klubni yuqori diviziondan tushirish qarori qabul qilingan. Shunga qaramay, “Lion” ushbu qarorga apellyatsiya kiritish huquqiga ega.

Klub rasmiy bayonotida rahbariyat DNCG bilan yaqindan hamkorlik qilgani, barcha talablar bajarilgani va hatto sarmoyalar belgilangan miqdordan ortiq bo‘lgani ta’kidlangan. “Kristal Pelas”dagi ulushni sotish hisobiga klubning moliyaviy holati ancha yaxshilangan, bu esa 2025/26-yilgi mavsumda Liga 1’da to‘liq ishtirok etish uchun yetarli mablag‘ ta’minlagan.

Shuningdek, “Lion” moliyaviy barqarorlik va sportdagi yutuqlarga — xususan, ketma-ket ikki yil Yevrokuboklarda ishtirok etganiga e’tibor qaratgan holda, Liga 1’da o‘ynash huquqidan mahrum etilish qarorini tushunarsiz deb hisoblayapti va darhol apellyatsiya kiritishini bildirgan.

Agar “Lion” apellyatsiya jarayonida moliyaviy barqarorligini isbotlay olsa, Oliy diviziondagi ishtirokini saqlab qoladi. Aks holda, klub keyingi mavsumni quyi divizionda boshlashga majbur bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, “Lion” 2024/25-yilgi mavsumni Fransiya chempionatida oltinchi o‘rinda yakunlab, Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar