Daryo

Luis Enrike “PSJ”ning muvaffaqiyatsiz startidan xavotirda emas — Reuters

Parij klubi Fransiya chempionatining dastlabki uchta uchrashuvida g‘alaba qozona olmadi. Murabbiyning fikricha, faqat natijaga qarab xulosa qilish to‘g‘ri emas.

1 daqiqa o‘qish2 281 ko‘rishlar0 izoh0

“PSJ” bosh murabbiyi Luis Enrike jamoaning yangi mavsumni omadsiz boshlaganidan xavotirda emasligini bildirdi.

Parij klubi Fransiya chempionatining dastlabki uchta uchrashuvida g‘alaba qozona olmadi. “Monako”ga qarshi so‘nggi bahsda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan “PSJ” mavsumni so‘nggi 19 yildagi eng yomon start bilan boshladi.

Foto: “PSJ” matbuot xizmati

Shunga qaramay, ispaniyalik mutaxassis jamoa o‘yinidan xavotirlanishga asos yo‘qligini ta’kidladi.

“Xavotirlanishga hech qanday sabab yo‘q. “Monako” darvozamiz tomon nechta aniq zarba yo‘lladi? Ikkita. Nechta gol urdi? Ikkita. Mavsum oxirida vaziyat qanday bo‘lishini ko‘ramiz”, deydi Enrike.

Murabbiyning fikricha, faqat natijaga qarab xulosa qilish to‘g‘ri emas. Uning ta’kidlashicha, “PSJ” “Monako”ga qarshi uchrashuvda yuqori pressingli o‘yinni yaxshi tashkil qilgan, biroq jamoaga omad yetishmagan.

Foto: “PSJ” matbuot xizmati

“Agar “Monako” bizga qarshi shunday uslubda 10 marta o‘ynasa, sakkizta uchrashuvda biz g‘alaba qozonamiz, bittasida durang qayd etiladi va faqat birida mag‘lub bo‘lamiz. Bu aynan o‘sha mag‘lubiyat bo‘ldi”, deydi ispaniyalik mutaxassis.

“PSJ” uch turdan so‘ng bor-yo‘g‘i ikki ochko jamg‘argan va peshqadamdan yetti ochkoga ortda qolmoqda. Bu parijliklarning 2007/08-yilgi mavsumdan beri chempionatdagi eng omadsiz starti hisoblanadi.

Luis Enrike jamoa yuzaga kelgan farqni imkon qadar tezroq qisqartirishga harakat qilishini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, 56 yoshli Luis Enrike 2023-yildan buyon “PSJ”ni boshqarib kelmoqda. U Parij klubi bilan uch marta Fransiya chempionati, uch marta Fransiya Superkubogi, shuningdek, ikki marta mamlakat kubogida zafar quchgan. Bundan tashqari, ispaniyalik mutaxassis ikki marta Yevropa Chempionlar Ligasi, ikki marta Yevropa Superkubogi hamda bir marta FIFA Qit’alararo Kubogini qo‘lga kiritgan.

“PSJ” 9-sentyabr kuni Chempionlar ligasining navbatdagi mavsumidagi ilk uchrashuvda “Slovan Bratislava”ni o‘z uyida qabul qiladi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar