Daryo

“Yomon uyqu rashk tuyg‘usini kuchaytirishi mumkin” — tadqiqot

Sifatli uyqu — psixoemotsional salomatlik asosi hisoblanadi

1 daqiqa o‘qish8 032 ko‘rishlar0 izoh0

Uyqu bilan bog‘liq muammolar rashk hissini kuchaytirishi, ayniqsa, xavotirli bog‘lanish turiga ega odamlarda romantik munosabatlardagi ishonchni pasaytirishi mumkin. Montana shtati universiteti tadqiqotchilari shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalari Uyqu bo‘yicha assotsiatsiyalashgan professional jamiyatlar (APSS)ning Sleep 2025 konferensiyasida taqdim etilgan.

Foto: Shutterstock

Ma’lum qilinishicha, tadqiqotda 68 nafar yosh ishtirok etib, ular ikki hafta davomida har kuni o‘zlarining hissiy holati, xulq-atvori va uyqu sifatini baholovchi so‘rovnomalarni to‘ldirishgan. Qo‘shimcha ravishda, ishtirokchilar bog‘lanish uslubi bo‘yicha so‘rovnomadan o‘tgan.

Ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, xavotirli bog‘lanish — munosabatlarda ishonchsizlikka moyillik va rad etilishdan qo‘rqish — uyqu sifatining pastligi bilan bog‘liq ekan. Bundan tashqari, aynan shunday ishtirokchilarda yomon uyqudan so‘ng ertalab rashk hissi ko‘rinishidagi kuchaygan reaksiya kuzatilgan. Boshqa bog‘lanish uslubiga ega bo‘lgan odamlarda bu ta’sir yaqqol namoyon bo‘lmagan.

“Qiziq joyi shundaki, yomon uyqu har doim ham salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqarmadi. Hammasi individual xususiyatlarga bog‘liq edi”, dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, Montana shtati universiteti doktoranti Jovanni Alvarado.

Mutaxassislarning eslatishicha, sifatli uyqu — psixoemotsional salomatlik asosi hisoblanadi.

Amerika Uyqu tibbiyoti akademiyasi (AASM) ma’lumotlariga ko‘ra, kattalarga kuniga kamida yetti soat uxlash tavsiya etiladi. Bunda nafaqat miqdor, balki uyquning muntazamligi, uzluksizligi va qulayligi ham muhim ahamiyatga ega.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar