Daryo

Konditsioner bo‘lmasa: jaziramada uyquni yaxshilashning oddiy usullari

Jazirama kunlarda issiq havo tufayli uxlash qiyinlashadi, kechasi esa odam tez-tez uyg‘onib ketadi.

1 daqiqa o‘qish19 739 ko‘rishlar0 izoh14

Agar yotoqxona haddan tashqari issiq bo‘lsa, uyquga ketish qiyinlashadi, chuqur uyqu va tush ko‘rish bosqichlarining davomiyligi esa qisqaradi. Ammo konditsioner bo‘lmasa, nima qilish kerak? Somnolog Roman Buzunov bu borada bir nechta usullar haqida so‘zlab berdi.

Birinchidan, xonani qizib ketishdan himoya qiling. Quyosh qattiq qizdira boshlashidan avval derazalarni yopib, pardalarni tushirib qo‘ying — shunda yotoqxonada harorat pastroq bo‘ladi. Ikkinchidan, suv muvozanatini saqlang. Kun davomida suv ichib yuring — bu suvsizlanishning oldini olishga va tana haroratini biroz pasaytirishga yordam beradi. Uchinchidan, uyqu uchun to‘g‘ri matolarni tanlang. Havoni yaxshi o‘tkazadigan tabiiy matolardan tikilgan keng kiyimlar va choyshablarni afzal ko‘ring. Jazirama issiqda deyarli kiyimsiz uxlash ham mumkin, bu tabiiy hol.

To‘rtinchidan, sovituvchi vositalardan foydalaning, deya qo‘shimcha qildi Roman Buzunov. Uning so‘zlariga ko‘ra, gel bilan to‘ldirilgan yostiq va matraslar uyqu paytida salqinlikni saqlashga yordam beradi. Shuningdek, choyshablarni “muzlatib” ko‘rish ham mumkin.

Choyshab va yostiqni (ortiqcha namlik yig‘masligi uchun) polietilen paketga solib, bir necha soatga muzlatkichga qo‘yish mumkin. Ko‘z uchun niqobni ham shu tarzda sovitish mumkin. Yana bir usul — sovitilgan choyshablarni vaqtinchalik parda sifatida osib qo‘yish, deya maslahat berdi Roman Buzunov.

Beshinchidan, uyqu oldidan jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmang. Somnologning tushuntirishicha, jismoniy faollik tana haroratini oshiradi, shuning uchun mashg‘ulotlarni uyquga yotishdan kamida 2 soat oldin yakunlagan ma’qul — shunda organizm sovishga ulguradi. Oltinchidan, kechki taomnomangizga e’tiborli bo‘ling.

Uyqu oldidan spirtli ichimliklar, og‘ir ovqat, shuningdek, issiq va achchiq taomlardan saqlaning. Xususan, spirtli ichimliklar suvsizlanishni kuchaytiradi, bu esa uyqu sifatini yomonlashtiradi, deya eslatib o‘tdi Roman Buzunov.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar