Ba’zi tushlar yorqin va reallikka yaqin, boshqalari esa g‘ira-shira va uzuq-yuluq bo‘lishi sababi ma’lum bo‘ldi. Italiyaning Lukka shahridagi IMT oliy maktabi olimlari tushlar tartibsiz tarzda sodir bo‘lmasligini, ularga insonning shaxsiy xususiyatlari va hayotidagi voqealar ta’sir ko‘rsatishini aniqladi.
Tadqiqot doirasida 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 287 nafar ishtirokchining 3 700 dan ortiq tushlari va kun davomidagi kechinmalari tahlil qilindi. Ikki hafta davomida qatnashchilar har kuni o‘z tushlarini va kunduzgi muhim voqealarni qayd etib bordi. Olimlar esa parallel ravishda ularning uyqu rejimi, kognitiv qobiliyatlari va psixologik holatini o‘rgandi.
Ma’lumotlarni qayta ishlashda sun’iy intellektdan foydalanildi. U tushlarning xarakteri hamda shaxsiyat chizgilari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Masalan, xayolparast odamlar uzuq-yuluq va tez o‘zgaruvchan syujetlarni ko‘rishi, tushlarga katta ahamiyat beradigan insonlarning tushlari esa mazmunan boy va hissiy jihatdan barqaror bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.
Kunduzgi qaydlar va tushlar tavsifi solishtirilganda, miya reallikni shunchaki nusxalamasligi, balki uni qayta ishlab, o‘zgartirishi oydinlashdi. Ishxona, shifoxona yoki maktab kabi tanish joylar tushda turli elementlar aralashib ketgan va kutilmagan ko‘rinishdagi sahnalarga aylanadi.
Olimlar, shuningdek, yirik voqealarning tushlarga ta’sirini ham o‘rgandi. COVID-19 karantini davrida to‘plangan ma’lumotlar ushbu bosqichda tushlar yanada keskinlashganini va ularda cheklovlar mavzusi ko‘p uchraganini ko‘rsatdi. Vaqt o‘tib, odamlar vaziyatga moslashgach, ushbu motivlar yo‘qolgan. Bu tushlar mazmuni hayotdagi katta o‘zgarishlarga nisbatan bildiriladigan psixologik reaksiya bilan birga o‘zgarishidan dalolat beradi.
“Natijalarimiz shuni ko‘rsatadiki, tushlar shunchaki o‘tmishdagi tajribaning aksi emas, balki biz kim ekanligimiz va nimani boshdan kechirayotganimiz asosida shakllanadigan dinamik jarayondir”, deydi IMT oliy maktabi tadqiqotchisi Valentina Elche.








