Daryo

Janubiy Koreyada ilk bor o‘zbekistonliklarga soddalashtirilgan tartibda viza berilishi kutilmoqda

Dastlab Ulsan shahrida pilot loyiha sifatida amalga oshiriladi. Natija ijobiy bo‘lsa, boshqa shaharlar ham joriy etishi mumkin

1 daqiqa o‘qish7 934 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreya tarixida ilk bor O‘zbekiston fuqarolariga Ulsan shahri meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda mehnat vizalarini berish mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: TIV matbuot xizmati

17-mart kuni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev va Ulsan shahri meri Kim Du Gyom boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, O‘zbekistondan mehnat resurslarini shahardagi yirik sanoat obyektlariga jalb etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Kim Du Gyom Koreya tarixida ilk bor O‘zbekiston fuqarolariga shahar meriyasi orqali soddalashtirilgan tartibda mehnat vizalarini berish mexanizmlari ko‘zda tutilayotganini aytdi. Xususan, Ulsan shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun bir qator imtiyozlar joriy etilmoqda. Bitiruvchilar uch oylik kasbiy tayyorgarlik va til o‘rganish kurslarini tamomlagandan so‘ng mehnat vizasi olinadi va ishga joylashtiriladi.

Bunday mexanizm pilot loyiha sifatida birinchi marta qo‘llanmoqda. Koreya meri, agar natija ijobiy bo‘lsa, boshqa shaharlar ham O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu mexanizmni joriy etishi mumkinligini bildirgan.

Koreya tomoni O‘zbekiston tomonining Ulsan korxonalarida O‘zbekiston fuqarolarini oilalari bilan birgalikda, agar ular noqonuniy holga kelib qolmagan bo‘lsa, tashkiliy ravishda ishga joylashtirish imkoniyati haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi.

O‘zbekiston fuqarolarini Koreya iqtisodiyotining sanoat va boshqa tarmoqlariga ishga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishchi viza berish mexanizmi Koreyaga ishchi kuchini yetkazib beruvchi jahondagi 17 ta davlat orasida birinchi marotaba faqatgina O‘zbekiston uchun qo‘llanilmoqda. 18-mart kuni Farg‘ona shahrida Janubiy Koreyaning Ulsan shahriga malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi ochildi. 

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar