Daryo

Janubiy Koreya o‘zbekistonliklarni kemasozlik bo‘yicha o‘qitadi va ishga joylaydi

Koreya Mehnat va bandlik vazirligiga ko‘ra, taxminan, 280 nafar ishchi O‘zbekistonda kemalar qurish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun o‘qitiladi

2 daqiqa o‘qish14 418 ko‘rishlar0 izoh1

Janubiy Koreya o‘zbekistonlik ishchilarni kemasozlik sanoatining yirik markazi bo‘lgan Ulsan shahri uchun maxsus dastur doirasida o‘qitadi va ish bilan ta’minlaydi. Bu haqda Koreatimes xabar bermoqda.

Foto:Koreatimes

Koreya Mehnat va bandlik vazirligiga ko‘ra, taxminan 280 nafar ishchi O‘zbekistonda kemalar qurish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun o‘qitiladi. Ular joriy yil oxirida E-9 ishchi vizasi bilan Koreyaga kelib, kemasozlik kompaniyalarida ish boshlaydi. Bu viza qishloq xo‘jaligi, qurilish va ishlab chiqarish kabi jismoniy mehnat talab qilinadigan sohalardagi xorijiy ishchilar uchun mo‘ljallangan. 

Dastur hukumatning joriy yilda xorijiy davlatlardan 130 000 kishini E-9 vizasi asosida ish bilan ta’minlash rejasining bir qismi sifatida ishga tushirilgan.

Dastlabki ishchi guruhining o‘qitilishi mart oyining 18-kunidan O‘zbekiston hukumati tomonidan ajratilgan markazda boshlanadi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvning bir qismi hisoblanadi. O‘qitish xarajatlari Ulsan shahar hokimiyati tomonidan qoplanadi.

Dastlabki guruh Koreyaga iyul oyida yetib kelishi kutilmoqda. Yil davomida qo‘shimcha guruhlar keladi.

“Pilot loyiha muhim ahamiyatga ega, chunki mahalliy hokimiyat va kompaniyalar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ishchilarni bevosita tayyorlashda ishtirok etadi. Natijada, kompaniyalar malakali ishchilarga ega bo‘lishadi, ishchilar esa tez moslashadi. Bu esa o‘z navbatida, xodim va ishchilar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilaydi, baxtsiz hodisalar sonini kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi. Bu tajriba dasturining natijalaridan kelib chiqib, kelajakda boshqa sanoat tarmoqlari uchun ham shunday moslashtirilgan dasturlar joriy qilishni ko‘rib chiqamiz.” deyiladi vazirlik bayonotida. 

Dastlab dastur kemasozlik sohasidan boshlanadi, keyin esa mahalliy hokimiyat va kompaniyalar ishtirokidagi hamkorlik modellarini kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Kema sanoatida Osiyo davlatlari yetakchi

Janubiy Koreya kema ishlab chiqarish sanoatida yetakchilardan biri hisoblanadi. Koreyaning dunyo kemasozlik sanoatidagi ulushi 29,3 foizni tashkil etadi. Bu borada koreyaliklar 2-o‘rinda turadi.

Foto: S&P Global

Xitoy sanoatning 53,3 foiz ulushiga egalik qilgan holda dunyoda birinchi o‘rinda. Uchlikni Yaponiya 13,1 foiz ulush bilan yakunlab bergan. Qolgan barcha davlatlarning kema sanoatidagi ulushi 4,4 foizni tashkil qiladi, jumladan, AQSH kema ishlab chiqarish sanoatida 0,1 foiz ulushga ega.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar