Daryo

Janubiy Koreya ishchi migrantlar uchun til bilish talablarini kuchaytiradi

Ish beruvchilar xorijlik ishchilarning koreys tilini yetarli bilmasligidan norozi. Muammo asosan ish ko‘rsatmalari va xavfsizlik qoidalarini tushunishda kuzatilmoqda.

2 daqiqa o‘qish4 526 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreya Mehnat ruxsatnomasi tizimi (EPS) doirasida mamlakatga kelayotgan migrant ishchilar uchun koreys tili bo‘yicha talablarni kuchaytirmoqda. Bu haqda The Korean Times xabar berdi.

Bunga migrantlarning til to‘siqlari sanoatda baxtsiz hodisalarga olib kelayotgani va ish joylarida muloqotni qiyinlashtirayotgani sabab bo‘lgan. Bandlik va mehnat vazirligi huzuridagi Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati E-9 vizasi asosida keladigan ishchilarni tanlashda qo‘llaniladigan suhbat va malaka sinovlari qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. O‘zgarishlar ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan.

So‘rovga ko‘ra, ish beruvchilarning qariyb yarmi migrant ishchilarning koreys tilini bilish darajasidan norozi. Eng ko‘p muammolar ish ko‘rsatmalarini tushunish (48,9 foiz) va xavfsizlik qoidalarini anglash (37,6 foiz) bilan bog‘liq.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, chet ellik ishchilar umumiy ishchi kuchining 3,4 foizini tashkil etsa-da, o‘lim bilan yakunlangan sanoat baxtsiz hodisalarida ularning ulushi 2022-yilda 9,2 foizni, 2023-yilda 10,4 foizni, 2024-yilning birinchi yarmida esa 11,8 foizni tashkil etgan. Tadqiqotlar chet ellik ishchilarning baxtsiz hodisalarga uchrash darajasi mahalliy ishchilarnikidan ikki-uch baravar yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

“So‘nggi o‘zgarishlar chet ellik ishchilarning koreys tilini bilish darajasini oshirishi va xavfsizlik bo‘yicha xabardorligini kuchaytirishini kutmoqdamiz. Biz ish beruvchilar va ishchilar uchun birdek xavfsiz hamda qoniqarli bo‘lgan ishlab chiqarish muhitini shakllantirishga xizmat qiladigan tanlov tizimini rivojlantirishda davom etamiz”, dedi agentlikning xalqaro ishchi kuchi bo‘limi rahbari Lim Seung Mook.

Shu sababli tanlov jarayonida suhbat ballarining ulushi oshiriladi, baholash esa ish joyidagi topshiriqlarni tushunish va xavfsizlikka oid bilimlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, muayyan sohalarga xos ish terminlari va buyruqlarni tushunishni tekshiradigan savollar soni ko‘paytiriladi.

Nomzodlarning mamlakatga kirishdan oldin xavfsizlik qoidalarini qay darajada anglayotganini aniqlash uchun chuqurlashtirilgan savollar joriy etiladi. Koreys tili imtihonidan o‘tish uchun belgilangan minimal ball ham oshiriladi. Qayta ko‘rib chiqilgan mezonlar 2026-yilgi baholashlardan boshlab qo‘llaniladi va dastur doirasida 17 ta hamkor davlat bilan bo‘lishiladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar