Daryo

Samarqand viloyatidagi uchta tarixiy masjid buzib tashlangani aniqlandi

Yana bir masjid ruxsatsiz ta’mirlangani oqibatida yodgorliklarga jami 46,8 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan

1 daqiqa o‘qish9 516 ko‘rishlar0 izoh0

Samarqand viloyatidagi XIX-XX asrlarga oid 3 ta tarixiy masjid binolari buzib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Bosh prokuratura

Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 3 ta tarixiy masjid binolari buzib tashlanganidan tashqari, yana bir masjid tegishli ruxsatsiz ta’mirlangani oqibatida yodgorliklarga jami 46,8 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kushoq ota” masjidi buzilib, yodgorlikka 19,6 milliard so‘m, Urgutdagi “Ahmad Yassaviy” va “Hoji O‘rinboy” masjidlari buzilib, yodgorliklarga 17 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Kulba” arxitektura yodgorligi ruxsatsiz ta’mirlangani natijasida 10,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

2024-yil aprelida ham Bosh prokuratura Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida arxitektura yodgorliklariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bir necha holatlar aniqlangandi. Toshkent shahridagi XVI asrga oid Abdulqosim Eshon madrasasi arxitektura yodgorligi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurilgani va kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazilishi oqibatida 65,6 million so‘m zarar yetkazilgandi. Namangan shahridagi XIX asrga oid “Sirli masjid” arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi to‘liq buzib tashlanishi oqibatida yodgorlikka 554,4 million so‘m zarar yetgandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar