Daryo

Rossiyada neft to‘kilishi tufayli 30 ta delfin nobud bo‘ldi 

Kerch bo‘g‘ozida 9 ming tonnadan ortiq mazut ortilgan kemalar halokatga uchragandi

1 daqiqa o‘qish7 094 ko‘rishlar0 izoh0

Kerch bo‘g‘ozida 15-dekabr kuni mazut yuklangan ikkita “Volgoneft 212” va “Volgoneft 239” tankerlari shikastlangandi. Hodisa oqibatida neft mahsulotlari to‘kilishi sodir bo‘lgan. Buning oqibatda 30 ta delfin nobud bo‘ldi. 

Rossiyaning delfinlarni qutqarish va o‘rganish markazi “Delfa”ning ta’kidlashicha, bu “katta ehtimol bilan mazutning to‘kilishi bilan bog‘liq”. Favqulodda vaziyat yuz bergan paytdan boshlab, kitlar va delfinlar kabi kitsimonlar turkumiga mansub jami 61 ta jonzotning nobud bo‘lishi kuzatilgan.

“Kitsimonlarning aksariyati halokat yuz berganidan keyingi dastlabki o‘n kun ichida nobud bo‘lgan. Hozir ham dengiz ularni qirg‘oqqa chiqarishda davom etmoqda”, deyiladi markaz xabarida.

Rossiya FVV Krasnodar o‘lkasining Anapa va Temryuk tumanlari qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab 96 ming tonnadan ortiq ifloslangan qum va tuproq olib tashlangani haqida xabar berdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin neft to‘kilishini “ekologik falokat” deb atagan.

Rossiya kemalarining halokati

15-dekabr kuni Kerch bo‘g‘ozida mazut yuklangan ikkita “Volgoneft 212” va “Volgoneft 239” tankerlari shikastlangandi. Ulardan biri cho‘kib ketgan, ikkinchisi Taman porti yaqinidagi qirg‘oqdan 18 m naridagi sayoz joyga to‘xtagan. Qutqaruvchilar ikkita kemadan 27 kishini evakuatsiya qilgan, ammo ulardan biri — 23 yoshli vaxta matrosi halok bo‘lgan. Shifoxonalarga jami 11 kishi yotqizilgan, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda edi.

Tankerlar jami 9,2 ming tonna mazut tashigan. Hodisa oqibatida neft mahsulotlari to‘kilishi sodir bo‘lgan, Anapa va Krasnodar o‘lkasining bir qator aholi punktlarida favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Mutaxassislar mazutning sizib chiqishi Qora dengiz uchun eng katta ekologik falokatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dengizga 4,2 ming kub metrdan ortiq neft mahsulotlari to‘kilgan bo‘lishi mumkin.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar