Boltiq dengizida Rossiyaning “Marshal Vasilevskiy” gaz tashuvchi kemasida ikkita pulemyot borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Dossier nashriga tayanib, Meduza xabar berdi.
Bu suratlar vositasida aniqlangan bo‘lib, ular may oyida Estoniya chegara xizmati tomonidan olingan va jurnalistlarga taqdim etilgan. Ularda kemaning boshqaruv kabinasida ikkita 12,7 mm kalibrli “Kord” pulemyoti o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. Pulemyotlar kemaning ikki chetiga joylashtirilgan. Shuningdek, o‘q otish joylarini himoya qilish uchun ularning yoniga qum to‘ldirilgan qoplar ham qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, bu Rossiyaning fuqarolik kemasiga qurol o‘rnatilgani ma’lum bo‘lgan hozircha yagona holatdir. Bundan tashqari, kema yo‘lovchilari ro‘yxati tekshirilganda, unda doimiy ravishda FSB, Rosgvardiya va Mudofaa vazirligi xodimlari borligi aniqlandi. 2025-yil avgustidan buyon kema bortida bo‘lgan 50 kishining kamida 24 nafari huquqni muhofaza qilish organlarida xizmat qilgan yoki hozir ham xizmat qilmoqda.
Bu G‘arbga berilgan signalmi?
Ekspertlarning fikricha, pulemyotlar dronlardan himoyalanishda samarasiz hisoblanadi. Biroq bu kema Kaliningrad viloyati qirg‘oqlarida joylashgani sababli, bu qurollar Moskvaning hududni himoya qilish strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Boltiqbo‘yi razvedka idoralaridagi manbaning aytishicha, bu holat “G‘arbga 50 foiz signal” hisoblanadi.
“Biz baribir bu kemaga bostirib kirishni rejalashtirmayotgan edik. Ammo agar Rossiyaning ‘soyalar floti’ bortida yirik kalibrli pulemyotlar borligi haqida mish-mishlar tarqalsa, G‘arb davlatlari kemaga chiqish bilan bog‘liq tavakkalni butunlay boshqacha baholay boshlaydi”, dedi manba.
“Marshal Vasilevskiy” gaz tashuvchisi “Gazprom” kompaniyasiga tegishli. Kompaniya kemaga nima uchun pulemyotlar o‘rnatilgani haqidagi savolga javob bermadi.
Dengizdagi hujumlar
Hozirgacha Rossiyaning dengizda hujumga uchragan yagona gaz tashuvchi kemasi “Artik Metagas” tankeri bo‘lib turibdi. Bu hodisa O‘rta Yer dengizida sodir bo‘lgan edi. Mart oyi boshida kema bortida yong‘in chiqqan. Bunga dengiz droni hujumi sabab bo‘lgani taxmin qilinadi. Kema ekipaji evakuatsiya qilingan, biroq kema korpusi teshilib, ichidagi suyultirilgan gaz yuklari bilan qarovsiz qolib ketgan edi.
Rossiya bu hujumni Ukrainaning ekipajsiz qayiqlari amalga oshirgan deb hisoblaydi. Fransiyaning RFI gazetasi ham o‘z manbalariga tayanib, hujum ortida Liviyadagi bazalarda mahalliy hukumat bilan kelishuv asosida joylashgan ukrainalik harbiylar turganini yozgan. Vladimir Putin ushbu kemaga qilingan hujumni “terrorchilik harakati” deb baholagan.








