Daryo

Vazirlik va idoralar prezident qarori ijrosini nega bajarmayapti?

Shu kunga qadar Mudofaa, Qishloq xo‘jaligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Favqulodda vaziyatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Tashqi ishlar hamda Energetika vazirliklari tomonidan umuman hujjat e’lon qilinmagan

2 daqiqa o‘qish17 747 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston prezidentning 2022-yil 23-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab sinov tariqasida Adliya vazirligi tizimida, 1-sentyabrdan boshlab esa barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilinishi belgilangan.

Ayrim vazirliklar umuman hujjat joylashtirmagan

“Daryo” muxbiri qaror ijrosi qanchalik ta’minlanayotganligini o‘rgandi.

Elektron tizimni kuzatar ekanmiz, Adliya, Raqamli texnologiyalar, Transport, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari har bir qabul qilinayotgan buyruqlarni joylayotganligiga guvoh bo‘lamiz. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi joylashtirgan hujjatlar
Foto: Skrinshot

Biroq o‘rganish davomida Mudofaa, Qishloq xo‘jaligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Favqulodda vaziyatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Tashqi ishlar hamda Energetika vazirliklari tomonidan shu kunga qadar qaror ijrosiga bepisandlik bilan qarab kelayotgani aniqlandi. Ushbu vazirliklar tomonidan oradan bir yil-u ikki oy muddat o‘tgan bo‘lsa-da, umuman hujjat e’lon qilinmagan.

Energetika vazirligi
Foto: Skrinshot
Madaniyat vazirligi joylashtirgan hujjatlar
Foto: Skrinshot

Bundan tashqari, Madaniyat, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Iqtisodiyot va moliya, Suv xo‘jaligi, Ichki ishlar, Sport vazirliklari qaror ijrosini nomiga bajarayotganini ko‘rish mumkin. Ushbu vazirliklar yil davomida qabul qilingan bir nechta hujjatlarnigina ochiqlagan xolos.

Vazirliklar nega qaror ijrosini ta`minlamagan? 

Ushbu savolga javob topish maqsadida olib borilgan o‘rganishlar davomida Adliya vazirligi qarorning 8-bandi ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamayotgan bo‘lishi mumkin degan fikrga keldik. 

Boisi ushbu bandning ikkinchi qismida Adliya vazirligiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar sinov natijalari bo‘yicha “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilishni joriy etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritish vazifasi topshirilgan. 

Prezident qarori 8-bandi
Foto: Hujjatdan skrinshot.

Biroq Adliya vazirligi tomonidan shu kunga qadar hukumat qarori loyihasi kiritilmagan bo‘lishi mumkin. Boisi qaror loyihasi yoki shunga yaqin hujjatlarni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidan ham, qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi hisoblangan “lex.uz” portalidan ham topishning iloji bo‘lmadi.

Xo‘sh, prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilishi lozim bo‘lgan Adliya vazirligi nega davlat rahbarining 2022-yil 22-dekabrdagi qarori ijrosini paysalga solib kelmoqda?

Hukumat qarori loyihasi kelishish jarayonida

Yuqoridagi savollarga javob olish maqsadida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Shohidaxon Yuldasheva bilan bog‘landik.

U hujjat loyihalari tayyorlanib, kelishish uchun tegishli tashkilotlarga kiritilgani, hozirda ushbu tashkilotlardan jarayon qaysi bosqichda ekanligi surishtirilayotganini bildirdi.

“Daryo” ushbu holat yuzasidan Adliya vazirligidan munosabat kutib qoladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar