Daryo

Toshkent shahar hokimiga yangi o‘rinbosar lavozimi joriy etildi

Unga bosh muhandislarga berilgan barcha vakolatlar tatbiq etiladi. Mansabdor ko‘p kvartirali uylar va kommunal xizmatlar sifati uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.

1 daqiqa o‘qish4 915 ko‘rishlar0 izoh0

Prezident qarori bilan Toshkent shahri boshqaruv tuzilmasiga o‘zgartirish kiritildi. Endilikda poytaxt hokimligida hokim o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi.

Qarorga ko‘ra, mazkur lavozim uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘linmalaridagi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida tashkil etiladi. Yangi o‘rinbosarga hujjatda bosh muhandislarga berilgan barcha huquq va vakolatlar tatbiq etiladi.

Shuningdek, ushbu rahbar poytaxtdagi ko‘p kvartirali uylarni ekspluatatsiya qilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, shuningdek aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun shaxsan mas’ul etib belgilandi.

Qaror bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator maqsadli ko‘rsatkichlar ham belgilangan. Jumladan, markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan 1032 ta ko‘p kvartirali uyning energiya samaradorligini oshirish, majburiy badal va to‘lovlar hisobini to‘liq shaffof tizimga o‘tkazish orqali debitor qarzdorlikni kamida 80 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yilgan.

2026—2030-yillarda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 200 million dollar yo‘naltirilib, ko‘p kvartirali uylarni mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2026—2027-yillarda respublika budjetidan 1 trillion so‘m ajratish hisobiga uylarni ta’mirlash hamda ularga tutash hududlardagi infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yilda 79,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga 1991-yilgacha qurilgan ko‘p kvartirali uylarning elektron pasportlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Umuman, 2026-yilda respublika va mahalliy budjetlar hamda boshqa manbalar hisobidan jami 1,8 trillion so‘m ajratilib, ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha yig‘ma dastur tasdiqlangan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar