Daryo

O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar sotuvi sezilarli pasaydi

Oktyabrda “inomarka”larga talab keskin oshdi va elektromobillar savdosi yangi rekord o‘rnatdi

2 daqiqa o‘qish32 993 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda 2024-yil oktyabrida avtomobil bozorida sotuvlar yana pasaydi. Bu haqdagi ma’lumot Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qayd etilishicha, oktyabr oyida avtotransport vositalarining savdosi 102,3 ming donani tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 7 foizga kam. Yillik ko‘rsatkichda esa pasayish — 44 foizdan ko‘proq.

Yengil avtomobillar segmentidagi vaziyat

Yengil avtomobillar segmenti o‘tgan oyga nisbatan 6 foiz kamaygan holda 95,4 ming dona sotilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar 43,3 foizga sezilarli pasayganini ko‘rsatmoqda. Hududlar bo‘yicha ushbu segmentdagi savdolarning eng katta pasayishi Toshkent shahrida — 18,4 foiz, Farg‘ona — 17 foiz va Andijon — 14,4 foiz qayd etildi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Yengil avtomobillar birlamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 15 foizga kamaydi, bu o‘tgan oyga nisbatan 6,2 mingta avtomobilga kam. Yillik faollik esa 21,8 foizga kamaydi. Oy davomida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 20 foizga kamaydi va 30,2 mingta avtomobilni tashkil etdi. Yillik ko‘rsatkichda 22 foiz pasayish kuzatildi.

Xorijiy yengil avtomobillar segmenti o‘sib bormoqda

Oktyabr oyida xorijiy yengil avtomobillar bozorida sotuvlar ko‘paygan. Oy davomida ushbu segmentdagi faollik 35 foizga oshdi, atigi bir oy ichida 4,7 mingta xorijiy avtomobil sotildi. Biroq o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan sotuvlar 20 foizga kamaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozori

Oktyabr oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi vaziyat faollikning pasayishi va sotish hajmining har yili sezilarli darajada pasayishi bilan tavsiflanadi.

Ushbu segmentda oktyabr oyida 60,4 mingta yengil avtomobillar sotildi, bu oldingi oyga nisbatan 23 donaga kam, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar ikki baravar kamaydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Elektromobillar bozoridagi vaziyat

Yengil elektromobillar segmenti faollikning rekord o‘sishini ko‘rsatishda davom etmoqda. Oktyabr oyida sotuvlar hajmi sentyabr oyiga nisbatan 20 foizga o‘sib, 5,1 ming dona elektromobilni tashkil etdi, sentyabr oyda esa 4,24 ming dona, avgust oyida 1,7 ming dona sotilgan.

Hududlar bo‘yicha olib borilgan tahlillar elektromobillar segmenti faol rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda, xususan, eng ko‘p sotuvlarning o‘sishi Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yil davomida elektromobillar savdosi 87,5 foizga o‘sdi, bu 2,3 ming dona elektromobilga teng.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘tgan yetti yilda elektromobillar importi 10 baravarga oshgani xabar qilingan edi.

2019-yilda O‘zbekistonga olib kirilayotgan elektromobillar bojxona, aksiz va avtotransport soliqlaridan ozod qilingan. 2021-yilning noyabrida YHXBB elektromobillar uchun “yashil” davlat raqamlari berishni boshladi. 

2024-yil avgustida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirish kerakligini aytdi. Iqtisodchilar elektromobillarga boj joriy qilish taklifiga keskin qarshi chiqdi.

Prezidentning 2024-yildagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshiriladi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar