Daryo

O‘zbekistonda oktyabr oyida ommabop avtomobillar narxlari biroz pasaydi 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan ushbu oydagi avtomobil narxlari tahlil qilindi

2 daqiqa o‘qish28 110 ko‘rishlar0 izoh0

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan oktyabr oyidagi avtomobil narxlari tahlil qilindi.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

2024-yilning oktyabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas, Labo narxlari pasayishda davom etdi. Spark’ning o‘rtacha narxi biroz ko‘tarilgan bo‘lsa, Cobalt va Nexia narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.   

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari. Oktyabr oyida ikkilamchi bozorda ko‘p foydalanilgan Lacetti, Damas, Labo’ning o‘rtacha narxi sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz, 6,3 foiz va 2 foizga pasaygan bo‘lsa, o‘rtacha foydalanilganlari  mos ravishda 0,3 foiz, 0,6 foiz va  3,5 foizga arzonladi. Ko‘p foydalanilgan Spark avtomobilining o‘rtacha narxi 2,2 foizga, o‘rtacha foydalanilgani 2,9 foizga oshgan bo‘lsa, Cobalt va Nexia narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Mahalliy ommabop avtomobillar  uchun oktyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:

  • Lacetti: kam foydalanilgan — 15 236 (15 452) dollar, ko‘p foydalanilgan —13 300 (13 500) dollar;
  • Damas: kam foydalanilgan — 8 250 (8 300) dollar, ko‘p foydalanilgan — 7 500  (8 000) dollar;
  • Spark: o‘rtacha foydalanilgan — 10 500 (sentyabr oyida – 10 200) dollar, ko‘p foydalanilgan — 9 200 (9 000 dollar).

Mahalliy lyuks avtomobillar narxi. Oktyabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan Equinox narxlari sezilarli o‘zgargan bo‘lsa, Malibu va Tracker narxlari deyarli o‘zgarmadi. Jumladan, mazkur davrda kam va o‘rtacha foydalanilgan Equinoxʼning o‘rtacha narxlari sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz va 6,3 foizga arzonlagan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgani 1,9 foizga oshdi.

Foto: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti

Equinox uchun oktyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha: kam foydalanilgan - 33 000 (33 500) dollar, o‘rtacha foydalanilgan — 30 000 (32 000) dollar; ko‘p foydalanilgani — 27 000 (26 500) dollar.

Elektomobil narxlari: oktyabr oyida elektromobillar narxlari sezilarli darajada arzonlashdi. Xususan,  BYD Han avtomobilining ko‘p foydalanilgani o‘rtacha narxi 10,2 foizga, o‘rtacha foydalanilgani 2,6 foizga hamda yangisi 2,2 foizga pasaydi. BYD Song Plus EV Champion’ning o‘rtacha foydalanilgani 7,5 foizga, yangisi 1,2 foizga arzonlashdi.

Elektomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:

  • BYD Han: ko‘p foydalanilgan — 31 450 (35 000) dollar, o‘rtacha foydalanilgan - 37 000 (38 000) dollar; 
  • BYD Song Plus EV Champion: o‘rtacha foydalanilgan —27 500 (29 750) dollar; yangi — 29 000 (29 350) dollar.

Avvalroq O‘zbekistonda Lacetti, Cobalt, Nexia kabi ommabop avtomobillar narxi sezilarli pasaygani haqida xabar berilgandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar