Daryo

Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi

Qo‘shni respublikaning Turkiya oldidagi tashqi qarzi 58,9 mln dollarni tashkil etgan

1 daqiqa o‘qish30 071 ko‘rishlar0 izoh0

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan kechdi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga tayanib, “Tazabek.kg” xabar berdi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Prezident Sadir Japarov turkiyalik hamkasbi bilan 5-noyabr kuni ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Qirg‘iziston rahbari mamlakatning Turkiya oldidagi tashqi qarzi hisobdan chiqarilganini aytdi.

“Men prezident Erdo‘g‘onga Qirg‘izistonning Turkiya oldidagi tashqi qarzini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman”, dedi Sadir Japarov.

Turkiya “yashil” iqtisodiyot loyihalari evaziga Qirg‘izistonning 58,9 mln dollarlik tashqi qarzidan kechgan. Avvalroq Germaniya “yashil” tashabbuslarni amalga oshirish evaziga 14 million dollarlik tashqi qarzni hisobdan chiqargandi.

2023-yil Japarov mamlakatlarni va xalqaro moliya tashkilotlarini respublikaning qarzidan kechib, u yerda energetika obyektlarini qurishni boshlashga chaqirgandi.

“Qirg‘iziston qarz olgan mamlakatlar va moliyaviy institutlar respublikada energetika obyektlari va GESlar qurilishida ishtirok etsa bo‘lardi. Biz ushbu yashil iqtisodiyot obyektlarining tasmalarini birgalikda kesamiz. Biz Qirg‘izistonda yashil loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz, buning evaziga siz tashqi qarzlarimizdan kechasiz”, degan edi u.

Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning davlat qarzi qariyb 6 milliard dollarni tashkil etadi, shundan 4,5 milliard dollari tashqi qarz, 1,5 milliard dollari esa ichki qarzdir. Qirg‘iziston yaqin 11 yil ichida tashqi qarzini to‘liq to‘lash niyatida.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar